Har yili 18 iyulda inson huquqlari, qadr-qimmati, tenglik va adolat uchun kurashgan atoqli siyosatchi Nelson Mandela kuni butun dunyoda keng nishonlanadi.
Bu xalqaro sana BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2009 yil 10 noyabrda Janubiy Afrika rahbarining tinchlik va ozodlik uchun qo‘shgan hissasini e’tirof etish maqsadida ta’sis etilgan. Nelson Mandela aparteidga qarshi kurashish va qamoqxonadagi insonlar huquqlarini himoya qilish uchun katta hissa qo‘shgan.
Shu munosabat bilan 2022 yil 15 iyulda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMTning narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha Markaziy Osiyo hududiy boshqarmasi hamkorligida Nelson Mandela xalqaro kuniga bag‘ishlangan onlayn davra-suhbati tashkil etildi.
Tadbir doirasida Nelson Mandela xotirasini yodga olish asnosida mamlakatimizda qamoqxonalarda inson huquqlarini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot va tajriba almashildi.
Davra suhbatida Milliy markaz rahbariyati, BMTning narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha Markaziy Osiyo hududiy boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi jazoni ijro etish muassasalari rahbarlari va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar e’tiboriga “Nelson Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati”, “Mahkumlar bilan muomala qilishning minimal standart qoidalari”, “Nelson Mandela qoidalari inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida”, O‘zbekistondagi jazoni ijro etish muassasalarida BMTning Mahkumlar bilan muomala qilishning minimal standart qoidalarining qo‘llanishi”, “O‘zbekiston Respublikasining jinoiy-protsessual qonunchiligini takomillashtirishda xalqaro standartlarni qo‘llash” kabi mavzulardagi ma’ruzalar havola etildi.
Xalqaro va milliy ekspertlarning fikrlari tinglandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 15.07.2022
- Ko'rishlar: 4723
- Chop etish