Shu kunlarda xalqimiz, keng jamoatchilik o‘rtasida konstitutsiyaviy qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilinmoqda. Ko‘plab takliflar bildirilib, ularning har biri Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Men ham mana shu islohotlarga o‘zimni daxldor sezib, Asosiy qonunimizga taklif bildirishni joiz bildim.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 5-moddasiga davlat ramzlarining qonunlar bilan himoya qilinishi to‘g‘risidagi normani kiritish maqsadga muvofiq. Konstitutsiya davlatni jahonga tanitadigan hujjat, u ko‘pgina xorijiy tillarga tarjima qilinib, jahon miqyosida keng o‘rganiladi, davlat ramzlari himoyasining konstitutsiya bilan mustahkamlanishi bunday himoyaning xalqaro munosabatlarda va milliy miqyosda ustuvorligini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat ramzlari muqaddasdir. Ular davlatning mustaqilligini, O‘zbekiston xalqi va davlatining irodasi, maqsadlari va orzu-intilishlarini ifodalaydi. Davlat ramzlarida konstitutsiyaviy tuzum xususiyatlari o‘z aksini topadi. Shuning uchun davlat ramzlarini tasdiqlaydigan qonunlarning barqarorligini ta’minlash maqsadida ularga konstitutsiyaviy qonun maqomi berilishi maqsadga muvofiq.
Davlat ramzlariga nisbatan hurmatsizlik bu konstitutsiyaviy tuzumga nisbatan, davlat suverenitetiga nisbatan, xalq va davlat irodasiga nisbatan hurmatsizlikni anglatadi. Davlat ramzlariga hurmatsizlik va tahqirlash qanday harakatlarda o‘z ifodasini topishini, davlat ramzlaridan foydalanishda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish lozimligini qonunchilik bilan belgilash maqsadga muvofiq. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 215-moddasiga mavofiq, davlat ramzlariga hurmatsizlik qilish jinoyat javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Davlat ramzlari sohasidagi qonunchilikni davlat ramzlarini himoya qilish nuqtai nazaridan quyidagicha takomillashtirish maqsadga muvofiq:
birinchidan, davlat ramzlari tasviri tushirilgan matodan yo‘laklar, minbarlar, o‘tirish uchun mo‘ljallangan jihozlarda, shuningdek, odob-ahloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda ulardan qoplama sifatida foydalanish taqiqlanishi;
ikkinchidan, davlat ramzlaridan ma’naviyatga, fuqarolarning milliy va diniy tuyg‘ulariga daxl qiladigan mazmunda va ma’nosini buzib talqin qilib foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligini;
uchinchidan, rangi o‘zgargan, eskirgan, shikastlangan, yirtilgan davlat ramzlari va ularning tasvirlaridan foydalanish taqiqlanishi;
to‘rtinchidan, davlat ramzlaridan tijorat maqsadlarida foydalanganda davlat ramzlari aks etgan tovar belgilari bir martalik foydalanishga mo‘ljallangan mahsulotlarda, shaxsiy gigiena vositalarida, ularning o‘rovlari va qadoqlarida ishlatilishi man qilinishi;
beshinchidan, tashkilot, korxona, muassasalar ramzlari davlat ramzlariga o‘xshash bo‘lishi mumkin emasligi, ularning hujjatlari yoki reklama materiallarining rekvizitlariga davlat ramzlari elementlarini kiritishga yo‘l qo‘yilmasligini belgilash.
O‘ylaymizki, Konstitutsiyada davlat ramzlariga mana shu mazmundagi munosabat muhrlansa, jamiyatda vatanparvarlik ruhi hukmron bo‘lishi, fuqarolarimizda yurtimiz va bugungi islohotlarga daxldorlik hissi yuksalishiga xizmat qiladi.
O‘tkir Ochilov,
Yuridik fanlar nomzodi, dotsent
- Qo'shildi: 29.07.2022
- Ko'rishlar: 6290
- Chop etish