A.Saidov Parlamentlararo ittifoqning Nyu-Yorkdagi vakolatxonasi rahbari P.Torsni bilan uchrashdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi, A.Saidov Parlamentlararo ittifoqning (PAI) Nyu-Yorkdagi vakolatxonasi rahbari P.Torsni bilan uchrashdi.

 

PAI – 178 ta doimiy va 14 ta assotsiativ a’zoga ega milliy parlamentlarning global assotsiatsiyasi. Parlamentlararo ittifoq dunyo davlatlari qonun chiqaruvchi organlarining demokratik boshqaruv, inson huquqlari, gender tengligini ta’minlash, yoshlar huquqlarini kengaytirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va barqaror rivojlanish borasidagi harakatlarini muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.

 

A.Saidov suhbatdoshga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyati, uni amalga oshirishning asosiy bosqichlari, shuningdek, maxsus tuzilgan Konstitutsiyaviy komissiyaning ish tamoyillari haqida batafsil ma’lumot berdi.

 

Qayd etilganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi aholi takliflarini umumlashtirish asosida ishlab chiqilgan. Bundan tashqari, o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi qonun loyihasi 35 kun mobaynida umumxalq muhokamasidan o‘tdi, uning mantiqiy yakuni referendum bo‘ladi.

 

P.Torsni O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotning zarurligini va o‘z vaqtida o‘tkazilayotganini ta’kidladi. U Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatining ochiqligini, shuningdek, konstitutsiyaviy jarayonda aholining barcha qatlamlari qamrab olinishi ta’minlanayotganini yuqori baholadi.

 

Sobiq parlamentariy sifatida P.Torsni har qanday o‘zgarishlarning murakkabligini e’tirof etdi: “Bir necha yil oldin, ba’zi mamlakatlarda hatto erkaklar va ayollar o‘rtasidagi tenglik mavzusini ham muhokama qilish qiyin edi”.

 

PAIning Nyu-Yorkdagi vakolatxonasi rahbari fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari vakillarining barcha o‘zgarishlarda faol ishtirok etishi muhimligini ta’kidladi. OAV erkinligiga har qanday cheklov demokratiyaga to‘sqinlik qilishiga ishonch bildirildi.

 

P.Torsni O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasidagi muvaffaqiyatlarini yuqori baholadi va shu yilning oktyabr oyida mamlakatimizda ushbu mavzuda global forum o‘tkazish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi. PAI mazkur tadbirda yuqori darajada faol ishtirok etishini bildirdi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.

 

Powered by GSpeech