O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 1 iyundagi qaroriga asosan ta’sis etilgan “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni har yili 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni arafasida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan tantanali tarzda topshirib kelinmoqda.
Bu yil ushbu sana munosabati bilan Prezidentimiz O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi yo‘lladi. Davlatimiz rahbari farmoniga muvofiq, bir guruh yurtdoshlarimiz orden va medallar bilan taqdirlandi.
5 avgust kuni poytaxtimizdagi “International Hotel” mehmonxonasida ushbu mukofotlar o‘z egalariga tantanali tarzda topshirildi. Bu o‘rinda turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari va milliy madaniy markazlar vakillari, yurtimizda millatlararo do‘stlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan 30 nafar turli millat namoyandasi haqida so‘z bormoqda.
Mukofot olgan hamyurtlarimiz orasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining o‘rinbosari Dilnoza Muratova ham bor. Hamkasbimizga “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni tantanali ravishda taqdim etildi.
Ma’lumot uchun: Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari hamjihatlikda, bir oila farzandidek yashab, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelyapti. Yurtimizda 152 ta milliy madaniy markaz, 38 ta do‘stlik jamiyatlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular turli millat va elatlarga mansub fuqarolarning ezgu qadriyatlarini asrab-avaylash, urf-odat va an’analari bardavomligini ta’minlash, yosh avlodni millatlararo bag‘rikenglik ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 08.08.2022
- Ko'rishlar: 4694
- Chop etish