Joriy yil 22 avgust kuni Toshkentda O‘zbekiston Hukumati delegatsiyasining BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi 91-sessiyasida ishtirok etishiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan YuNISEFning O‘zbekistondagi Vakolatxonasi hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ma’lumki, 2022 yil 29 avgust – 23 sentyabr kunlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining 91-sessiyasi bo‘lib o‘tadi. Sessiya doirasida, 31 avgust – 1 sentyabr kunlari Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Beshinchi davriy hisoboti ko‘rib chiqiladi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tayyorgarlik tadbirida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, YuNISEFning O‘zbekistondagi Vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo mintaqaviy bo‘linmasi rahbari o‘rinbosari Fabio Piana so‘zga chiqdilar.
O‘quv-trening davomida xalqaro inson huquqlari tizimi va Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya rolining tavsifi, BMT Qo‘mitasi va ishtirokchi-davlat o‘rtasidagi amaliy muloqotning maqsadi, qoidalari va tartiblari, Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitaning yakuniy kuzatishlari asosida Milliy harakat rejasini ishlab chiqish istiqbollari yuzasidan delegatsiya a’zolari va ishchi guruh vakillari o‘rtasida o‘zaro fikr almashildi.
Hukumat delegatsiyasiga Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bajarilishi yuzasidan BMT Qo‘mita a’zolari tomonidan berilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy savollar ham muhokama qilindi. Shu munosabat bilan mamlakatimizda bolalarni kamsitmaslik sohasidagi davlat siyosatining amalga oshirilishi, nikoh va oila, siyosat va jamiyat hayoti, ta’lim va bandlik, mehnat va sog‘liqni saqlash, ijtimoiy va iqtisodiy, tashqi siyosat va xalqaro hamkorlik kabi ko‘plab sohalarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi ma’lumotlar tahlil qilindi.
Ma’lumot uchun: bugungi kunga qadar O‘zbekiston tomonidan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bajarilishi yuzasidan BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga 4 ta davriy hisobot taqdim etilgan.
BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining 91-sessiyasida O‘zbekiston bilan birga Boliviya, Vetnam, Germaniya, Quvayt va Shimoliy Makedoniya mamlakatlarining hisobotlari ham ko‘rib chiqiladi.
BMT Qo‘mitasining bo‘lajak sessiyasidan ko‘zlangan asosiy maqsad – Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalari bajarilishini ta’minlash borasida erishilgan natijalarni muhokama qilishdan iborat. Sessiya yakunida BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi davriy hisobotni ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini taqdim etadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 22.08.2022
- Ko'rishlar: 5241
- Chop etish