Yangilanayotgan O‘zbekiston bilan qalin sheriklik munosabatini bog‘lagan davlatlardan biri Hindiston Respublikasidir. So‘nggi besh yil davomida olib borilgan muvaffaqiyatli va izchil islohotlar O‘zbekiston obro‘sini yanada oshirdi. 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasida nafaqat Prezident Shavkat Mirziyoyev, balki butun xalqning istiqbolli qarashlari aks etdi. Islohotlar jarayonida davlat rahbari endi ortga yo‘l yo‘qligini doimo ta’kidlaydi. Bu xalqaro hamjamiyat tomonidan ham chuqur mamnuniyat bilan qarshi olindi.
– Hindiston O‘zbekiston yetakchisining yurt ravnaqi yo‘lidagi, oddiy fuqarolar manfaati hamma narsadan ustun qo‘yilgan sa’y-harakatini, yosh avlod ertangi kunning bunyodkori bo‘lib yetishishini ta’minlay oladigan demokratik davlat qurishga intilishini, Yangi O‘zbekistonni qurish haqidagi qarashlarini to‘la qo‘llab-quvvatlaydi, – deydi Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Manish PRABHAT.
– O‘zbekistonning barcha davlatlar bilan sheriklik va hamkorlikni yanada kuchaytirish, ayniqsa xalqaro tashkilotlar bilan aloqani yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi odilona qarori Harakatlar strategiyasi doirasida erishilgan eng katta muvaffaqiyatlardan biridir.
Shuni alohida qayd etmoqchimanki, Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasida bir necha ming yildan buyon davom etib kelayotgan do‘stona munosabat so‘nggi yillarda mutlaqo yangi bosqichga chiqdi.
Zero, tarixiy va madaniy mushtaraklik xalqlarimizning do‘stona rishtasi, o‘zaro hurmat va ishonch tamoyiliga asoslangan, bugungi kunda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan hamkorlik ikki tomonlama keng qamrovli munosabatga mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindistonga oxirgi ikki yilda ikki bor tashrif buyurdi. 2018 yil oktyabr oyida davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi, 2019 yil yanvar oyida esa «Jo‘shqin Gujarat-2019» xalqaro investitsiya sammitida ishtirok etdi. Mazkur tashriflar strategik sheriklik munosabatini sifat jihatidan yuqori darajaga ko‘tardi.
Muloqotlar davomida erishilgan juda ko‘p yo‘nalishlardagi aniq kelishuvlar ayni payt hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Mavjud ulkan imkoniyat va salohiyatdan yanada samarali foydalanish maqsadida bugungi kunda hamkorligimiz turli jabhalarda rivojlanmoqda. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va texnologik, turizm, oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat, hududlararo hamkorlik va boshqa sohalar shular jumlasidan.
Hindistonning ulkan iqtisodiy, texnologik va intellektual salohiyati O‘zbekiston bilan hamkorlikning yangi qirralarini ochish uchun yaxshi imkoniyatdir.
Investorlarimizning O‘zbekistonga qiziqishi tobora ortmoqda. Xususan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, farmatsevtika, sog‘liqni saqlash, mehmonxona infratuzilmasini boshqarish, avtomobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish, oliy ta’limning turli yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlar yaratish bo‘yicha mustahkam aloqa o‘rnatilgan.
Masalan, 2010 yildan buyon «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasi hududida avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan «UzMinda» O‘zbekiston-Hindiston qo‘shma korxonasi o‘z faoliyatini yanada kengaytirish niyatida. Shuningdek, biotexnologiya va agroklaster, to‘qimachilik, charm, kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarish va qator boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar amalga oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
bugungi kunda BMT Inson huquqlari kengashi a’zosi hisoblangan O‘zbekiston ayni payt Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilmoqda. Samarqand o‘z tarixida ilk bor BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh Assambleyasiga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritdi.
Muxtasar aytganda, O‘zbekiston va Hindiston barcha sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun ulkan salohiyatga ega. Ana shu imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish, xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixiy do‘stlikni mustahkamlash, xavfsizlik va barqaror rivojlanishga intilishni o‘zaro rag‘batlantirish faoliyatimiz tub mohiyatini tashkil qiladi, maqsadlarimizni aks ettiradi.
Elchi sifatida o‘zim ham O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasidagi keng qamrovli aloqani yanada rivojlantirish uchun bor kuch-g‘ayratimni, tajriba va bilimimni safarbar etishni, sidqidildan mehnat qilishni sharafli burchim, deb bilaman, deya ta’kidlaydi Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Manish PRABHAT.
- Qo'shildi: 23.08.2022
- Ko'rishlar: 4783
- Chop etish