Inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlashda davlat organlari va NNT hamkorligi

Joriy yil 24 avgust kuni Toshkent shahrida shu mavzuda Milliy forum bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Milliy forumda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan fuqarolik jamiyati institutlari faollari, davlat organlari vakillari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar ekspertlari ishtirok etdi. Onlayn rejimda yurtimizning barcha hududlaridan fuqarolik jamiyati vakillari ham faol qatnashdilar.

 

Tadbirda asosan inson huquqlarini himoya qilish sohasida davlat va nodavlat tashkilotlarining o‘zaro hamkorlik qilish mexanizmlarini takomillashtirish hamda ushbu yo‘nalishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida maslahatlashuv o‘tkazish amaliyotini yanada kengaytirish isiqbollari muhokama qilindi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyunda qabul qilingan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosi tahliliga alohida e’tibor qaratildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov qayd etganidek, o‘tgan davrda Milliy strategiyani amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning jami
78 bandidan 60 tasi bo‘yicha ishlar to‘la bajarilgan bo‘lsa, qolgan 18 bandi ishlar izchil davom etmoqda. Milliy strategiyada 33 ta qonun va boshqa hujjatlarni qabul qilish nazarda tutilgan bo‘lib, bugunga qadar 12 ta qonun hamda Prezidentmizning 7 ta farmoni va 3 ta qarori qabul qilingan.

Ayni vaqtda 10 ta qonun loyihasi ishlab chiqilgan va ularni qabul qilish jarayoni amalga oshirilmoqda. Shuningdek, 5 ta yangi kodeks loyihasi, 7 ta amaldagi kodeksning yangi tahriri loyihasi tayyorlanib, turli bosqichlarda muhokamadan o‘tkazilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 4 martdagi Farmoni bilan “2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” tasdiqlandi. Konsepsiya inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilishda davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida ijtimoiy sheriklik munosabatlarini kuchaytirish masalalarini o‘z ichiga olgan.

Forum ishtirokchilarning ta’kidlashicha, o‘tgan ikki yil davomida Milliy strategiya doirasida inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarning to‘liq bajarilishiga erishilmoqda. Inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy mexanizm yaratildi.

Ishtirokchilar Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish istiqbollari borasida belgilangan vazifalar xususida ham atroflicha so‘z yuritdilar. Inson huquqlarini himoya qilish va ta’minlashda jamoatchilik nazoratining hamda ommaviy axborot vositalarining o‘rni, mamlakatda barcha millat va elatlarning ijtimoiy va madaniy huquqlarini ta’minlash uchun yaratilgan shart-sharoitlar yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.

Forumning sho‘ba majlislarida milliy ekspertlar va NNT faollarining o‘ndan ortiq ma’ruzasi tinglandi. Shu negizda bolalar, yoshlar, xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, mehnatkash-migrantlar, ularning oila a’zolari va odam savdosidan jabr ko‘rgan shaxslar, ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa aholi qatlamlarining huquqlarini himoya qilishda jamoat birlashmalarining salohiyati, davlat va nodavlat sektorning o‘zaro hamkorligini kengaytirish, atrof-muhitni muhofaza etishda NNT faolligini oshirishga qaratilgan ijtimoiy loyihalar natijadorligini oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

 

Inson huquqlarini ta’minlash hamda himoya qilishda davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy sherikligini yanada kuchaytirish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.

Milliy forum yakunida inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilish sohasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh faol NNT vakillari taqdirlandi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

QMPTI

 

Powered by GSpeech