SHHTning axborot xavfsizligi bo’yicha ilmiy-ekspert forumiga bag’ishlangan matbuot anjumani o’tkazildi

2022 yil 29 avgust kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida joriy yilning 6 sentabrida Toshkentda o’tkazilishi rejalashtirilgan ShHTning axborot xavfsizligi bo’yicha ilmiy-ekspert forumiga bag’ishlangan matbuot anjumani bo’lib o’tdi.

Tadbirda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori o’rinbosari Bobur Usmonov, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktori boshqarma boshlig’i Ahror Saidov, “Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasi boshqarma boshlig’i Jahongir Mahmudov, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi Axborot xavfsizligi boshqarmasi boshlig’i Azizjon Ismoilov ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, ShHTning axborot xavfsizligi bo’yicha birinchi ekspert forumini o’tkazish tashabbusi 2021 yil 17 sentabrida bo’lib o’tgan ShHTga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining Dushanbe sammitida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan edi.

Xususan, O’zbekiston Prezidenti ShHT makonida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo’yicha sa’y-harakatlarni faollashtirishning asosiy ustuvor yo’nalishlariga to’xtalar ekan, mavjud vaziyatni muntazam muhokama qilishni ta’minlash, tahdidlarga qarshi kurashish bo’yicha qo’shma chora-tadbirlarni kelishish, shu jumladan, axborot maydonida xalqaro hamkorlik masalalari bo’yicha aloqalar muhimligini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari kibermakondagi zamonaviy tahdidlarga munosib javob berish bo’yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida ShHTning axborot xavfsizligi bo’yicha birinchi ilmiy-ekspert forumini o’tkazishni taklif qildi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo’mitasining ko’magida tashkil etilayotgan mazkur tadbirga tayyorgarlik ishlari ayni damda yakunlanayotgani qayd etildi.

Forumda ShHT Bosh kotibi Chjan Ming, ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo’mitasi direktori Ruslan Mirzayev, shuningdek, ShHTga a’zo davlatlarning tegishli vazirlik va idoralari, ilmiy, akademik va tahliliy doiralarining yetakchi ekspertlari ishtirok etishi rejalashtirilgan.

 Tadbir doirasida O’zbekiston tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi mas’ul boshqarmalari rahbarlari, shuningdek, ixtisoslashtirilgan boshqarmalar rahbarlari vakillik qiladi – Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Axborotlashtirish va telekommunikasiyalar sohasida nazorat bo’yicha davlat inspeksiyasi, Axborot texnologiyalari va axborot resurslarini rivojlantirish markazi, “O’zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi, “Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasi.

Tadbirda axborot makonidagi tahdidlarga qarshi kurashish bo’yicha hamkorlik, kibertahdidlarga qarshi kurashish kontekstida inson huquqlarini ta’minlash, ShHT rolini kengaytirish va bu borada davlatlar o’rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash kabi keng ko’lamli masalalar muhokama qilinadi.

Umuman olganda, anjumanda so’zga chiqqan vakillar kutilayotgan ekspert forumi axborot xavfsizligi sohasida muvofiqlashtirilgan va bir-birini to’ldiruvchi chora-tadbirlarni qabul qilish imkonini berishini, bu esa a’zo davlatlar doirasida bu borada olib borilayotgan ishlar samaradorligini sezilarli darajada oshirishini ta’kidladilar.

 

Powered by GSpeech