Ma’rifat – taraqqiyotning tamal toshi

8 sentyabr – Xalqaro savodxonlik kuni (International Literacy Day) Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida nishonlanadigan muhim xalqaro sanalardan biridir. U Tehron shahrida 1965 yil 8 sentyabrda ochilgan Ta’lim vazirlarining savodsizlikka barham berish bo’yicha xalqaro konferensiyasi tavsiyasi asosida YuNESKO tomonidan 1966 yili joriy etilgan.

Bu sanani dunyo miqyosida bayram qilishdan ko’zlangan asosiy maqsad – insoniyatning savodxonlik darajasini oshirish va ayni sohada jahon hamjamiyatining faolligini muntazam kuchaytirib borishdir. Joriy yilda Xalqaro savodxonlik kuni 57-marta nishonlanmoqda.

Ayni chog’da, buyuk sivilizasiyalarga asos solgan ilg’or xalqlar, shu jumladan, ikkita Renessansning boshida turgan xalqimiz uchun savodxonlik mezoni necha ming yillik tarixga ega. Ulug’ shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy asarlarida “savod” so’zi o’ndan ortiq ma’noda qo’llangani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Xususan,  Navoiy hazratlarining “Saddi Iskandariy” dostonida shunday misra bor:

Uzub hikmat avroqini tundbod,

Kutub uchtiyu elga qoldi savod.

Bu o’rinda “savod” so’zi qoralama, ya’ni yozuvning birinchi nusxasi, degan ma’noni anglatadi. O’z navbatida, ayni shu kalom “Farhod va Shirin” dostonidagi:

Uchunchi oy ravon bo’ldi savodi,

Burung’i yilda Qur’on bo’ldi yodi,

misralarida savodxonlik – yozuv-chizuvni o’rganib olganlik holatidan darak berib kelmoqda.

 Bugungi kunda ham lug’atimizdagi savodxonlik, savodlilik so’zlari shunday ma’noga juda yaqin tushunchalarni ifodalaydi. Xususan, savodxonlik:

birinchidan, aholi madaniy saviyasi ko’rsatkichlaridan bo’lib, oddiy matnlarni o’qiy olish yoki ularni o’qish va yoza olish ko’nikmasi – xat-savodlilikni bildiradi;

ikkinchidan, odamning adabiy til me’yorlariga muvofiq keladigan og’zaki va yozma nutq malakalariga egaligini anglatadi;

uchinchidan, muayyan soha bo’yicha yetarli bilimga egalikni ifodalaydi.

Xalqimiz nafaqat bilimli va ma’lumotli, balki ko’p o’qigan, mustaqil fikrlovchi insonlarga ham savodli deya baho beradi. Zero, savod – bilim, tushuncha va tajribadir.

Shu bilan birga, savodxonlikning ziddi bo’lgan “savodsizlik” so’zi savodga ega emaslikni, savod yo’qligini anglatish uchun qo’llanadi. Savodsiz, odatda, o’qish-yozishni bilmaydi. Savodsizlik – yetarli bilim, ma’lumotning yo’qligidir.

Xalqaro savodxonlik kuni dunyo miqyosida nishonlanishi bejiz emas. Chunki savodxonlik – inson uchun bayramdir. Binobarin, bugungi insonlar zamonaviy hayotning har bir sohasi bo’yicha muayyan darajada savodi borligi uchun baxtiyor, to’kis va farovon yashaydilar.

Afsuski, sayyoramizda savodsizligi tufali bunday baxtdan mosuvo insonlar ham ko’pchilikni tashkil etadi. Nega deganda, yer yuzida hali oddiy o’qish-yozishni bilmaydigan millionlab odamlar bor. Ayrim mamlakatlarda birgina bolakayning boshlang’ich ta’lim olishi uchun butun boshli oila mablag’ jamg’arishiga to’g’ri keladi.

Ba’zi mamlakatlarda xotin-qizlarning xat-savodli bo’lishi shart emas, degan alimsoqdan qolgan tushuncha hali ham kuchda. Qayerdadir maktablar yetishmaydi. Yana qayerdadir urushlarning tinmayotgani mavjud maktablarda ham o’qish-o’qitish imkoniyatlarini chippakka chiqarmoqda.

Xalqaro hamjamiyatning bu boradagi uzoq yillik izchil sa’y-harakatlariga qaramay, hozirgi vaqtda dunyo miqyosida 773 million nafardan ziyod inson hatto boshlang’ich xat-savodga ega emas. Shuningdek, 600 milliondan ortiq bola va o’smirlarning o’qish hamda matematika bo’yicha ibtidoiy darajadagi bilimi ham yo’q. Bu salbiy omillar, o’z navbatida, savodsizlik muammosining haligacha dolzarbligidan dalolat beradi.

BMT ma’lumotlariga qaraganda, koronavirus pandemiyasi tufayli maktablarning yopilishi munosabati bilan sayyoramizdagi jami o’quvchilarning 62,3 foizi, ya’ni 1 milliard nafardan ko’prog’i darslarga qatnashida uzilishlar yuz bergan. Eng yomoni, pandemiya inqirozi ta’lim olish va savodxonlikni oshirish sohasida mavjud bo’lgan tengsizlikni yanada kuchaytirib yuborgan.

Shu ma’noda, savodxonlik – chinakamiga bayram. Savodxonlik – baxt. Savodxonlik – tinch-osoyishta va barkamol, barqaror va taraqqiyparvar hayot garovidir.

Har yili Xalqaro savodxonlik kunini nishonlashda YuNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar, hukumatlar, xususiy sektor, fuqarolik jamiyati hamda ta’lim-ma’rifat muassasalari vakillari faol ishtirok etadi. Insoniyat savodxonligini yuksaltirish ishiga ulug’vor hissa qo’shgan shaxslar xalqaro mukofotlar bilan taqdirlanadi.

YuNESKO hisobotiga ko’ra, O’zbekistonda 2021 yilda savodxonlik darajasi 99,99 foizni tashkil qilgan. Hisobotda mazkur xalqaro tashkilot tomonidan umumjahon savodxonlik darajasiga erishishda O’zbekiston hukumati va ta’lim sohasi xodimlarining hissasi e’tirof etilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O’zbekistonda maktabgacha ta’lim muassasalari sonini to’rt baravar ko’paytirishga va aholining tez o’sishiga qaramay, maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishni 2017 yildagi 24 foizdan 2021 yilda 62 foizga oshirishga muvaffaq bo’lingani alohida ta’kidlangan.

Haqiqatan ham, bugungi kunda jahonning yetakchi davlatlari qatori mamlakatimizda ta’lim va tarbiyaga ustuvor vazifa sifatida yondashilmoqda. Istiqlolning keyingi olti yilida ta’lim tizimining uzviyligi va uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan mustahkam zanjir yaratildi.

Ayni paytda ta’lim sohasida eng qulay sharoitlar barpo etish uchun maktablarning o’quv dasturlari, o’qitish uslubi, darsliklar mazmuni tubdan qayta ko’rib chiqilmoqda. Yangi maktablar qurish, ustoz va murabbiylarning mashaqqatli mehnatini rag’batlantirish, maktabgacha ta’lim, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim hamda ilm-fan sohalarini davr talablari negizida isloh qilishdek ezgu amallar kelgusida ham izchil davom ettiriladi.

Prezidentimiz  ta’biri bilan aytganda, “Taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu – ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorug’ istiqboli, birinchi navbatda, ta’lim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bog’liq”.

 

G’ulom Mirzo,

O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan jurnalist

O‘zA

Powered by GSpeech