Mehnat kodeksi: ko‘p yillik ish staji uchun qo‘shimcha ta’til berish mumkin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari yangi tahrirda qabul qilingan Mehnat kodeksi mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida qator targ‘ibot-tushuntirish tadbirlarini o‘tkazishmoqda.

Toshkent shahrida o‘tkazilgan ana shunday seminarlarning navbatdagisida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov ishtirok etib, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining mazmuni va ahamiyati haqida ma’lumotlar berdi.

Shuningdek, tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavluda Xo‘jayeva kodeksda aks etgan muhim jihatlar yuzasidan ma’ruza qildi:

— Mamlakatimizda yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash, fuqarolarni tadbirkorlikka keng jalb etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mehnat qonunchiligining asosiy yo‘nalishlari belgilangan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining hajmi amaldagiga nisbatan 2,5 baravar katta bo‘lib, 600 ga yaqin moddani o‘z ichiga olgan. Unda bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqini himoya qilish, mehnat nizolarini ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi normalar o‘z aksini topgan. Shuningdek, ijtimoiy sheriklik ishtirokchilarining majburiyatlari va vakolatlari, ularning jamoaviy muzokaralar olib borish tartibi belgilab berildi. 

Da’vogarlar orasidan malakaliroq ishchilarni tanlashda ish beruvchining imkoniyatlari kengaytirildi. «Qayta ishga joylashtirish» masalasi hal etildi. Qolaversa, xodimlarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish xarajatlarini kompensatsiya qilinishi belgilandi. Bundan tashqari, bitta tashkilotda ko‘p yillik ish staji uchun qo‘shimcha ta’til berish tartibi joriy etilmoqda. Ish beruvchi tomonidan xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish va ishdan chetlashtirish tartibga solinmoqda.

Seminarda kodeksning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish bo‘yicha ishlarni tizimli ravishda tashkil etish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

Powered by GSpeech