2021 yil 13 sentyabr kuni poytaxtimizda “O'zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans poydevori” deb nomlangan V xalqaro kongress tashkil etildi.
Kongressda dunyoning 46 mamlakatidan tashrif buyurgan 200 ga yaqin olim va mutaxassislar, yetakchi sharqshunoslar, ekspertlar, tadqiqotchilar, qo'lyozmalar va miniaturalar bo'yicha mutaxassislar ishtirok etdi.
Anjumanda so'z olganlar O'zbekiston madaniy merosini saqlash va mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarda ma'naviy-ma'rifiy yangilanishlar muhim o'rin egallashini ta'kidladi.
Qayd etilganidek, O'zbekiston — boy madaniy merosga ega. Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabzning tarixiy-madaniy ob'ektlari YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro'yxatiga kiritilgan.
Shuningdek, yurtimizning nomoddiy merosi bilan ham faxrlansa arziydi.O'zbekistonning bebaho madaniy merosi uni dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurayotgan sayyohlar uchun yanada jozibador qilmoqda. Shu bois yurtimizga kelayotgan sayyohlar oqimi yildan-yilga ko'payib bormoqda.
Kongressda mamlakatimiz madaniy merosining dunyo miqyosidagi targ'ibotiga bag'ishlangan ushbu yirik xalqaro anjuman dunyoning turli chekkalaridagi yurtimiz tarixi va taqdiriga befarq bo'lmagan yuzlab olimlarni o'zi atrofida birlashtirgani qayd etildi.
Anjumanda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov ishtirok etdi.
Xalqaro kongress doirasida O'zbekiston tasviriy san'at galereyasida bir qator qiziqarli ko'rgazma va taqdimotlar ham bo'lib o'tdi.
Mazkur nufuzli anjuman tafsilotlari haqida navbatdagi sahifalarimizda batafsil ma'lumot beramiz.
Manba: parliament.gov.uz
- Qo'shildi: 13.09.2021
- Ko'rishlar: 3616
- Chop etish