O'zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan 2021 yil 30 mart kuni “O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi Qonun imzolandi. Ushbu Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.
Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali ma'lum qilishicha, Qonun bilan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga qo'shimcha kiritilgan.
Unga ko'ra, O'zbekistonning qonunchilik hujjatlari talablarini jamoat tartibiga va jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan tarzda bajarmaslikka yoki buzishga, shu jumladan OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari, Internetdan, shuningdek matnni ko'paytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalangan holda omma oldida da'vat qilish BHMning 60 baravaridan 80 baravarigacha (14 mln 700 ming so'mdan 19 mln 600 ming so'mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.
Jinoyat kodeksiga ham ommaviy tartibsizliklarga va fuqarolarga nisbatan zo'ravonlik qilishga omma oldida da'vat qilganlik uchun javobgarlik kiritildi.
Unga ko'ra, mazkur qilmishni sodir etgan shaxslar BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O'sha harakatlar bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib yoki OAV, telekommunikatsiyalar tarmoqlari, Internetdan, shuningdek matnni ko'paytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalangan holda sodir etilgan bo'lsa, BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bundan tashqari, Prezidentni Internetda haqoratlash yoki unga tuhmat qilish uchun javobgarlik belgilandi. Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo'shimchaga ko'ra, O'zbekiston Prezidentini telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet butunjahon axborot tarmog'idan foydalangan holda haqoratlash yoki unga tuhmat qilish 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ma'lumot uchun: ilgari Prezidentni omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek mazkur jinoyatni matbuot yoki boshqa OAVdan foydalangan holda sodir etganlik uchun javobgarlik mavjud edi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 31.03.2021
- Ko'rishlar: 5800
- Chop etish