Mamlakatimizda umumxalq bayrami – O‘qituvchi va murabbiylar kuni keng nishonlanmoqda.
Davlat rahbarining O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga yo‘llagan bayram tabrigida ta’kidlanganidek, “Jamiyatimizda bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, oliygohlarning professor-o‘qituvchilari va ilmiy-ijodiy ziyolilarni bugun biz intilayotgan Uchinchi Renessansning to‘rt tayanch ustuni deb e’tirof etmoqdamiz. Shundan kelib chiqib, ularning hurmat-e’tiborini oshirish, xususan, muallim va ustozlarning qadri, sha’ni va g‘ururini tiklash, mashaqqatli va sharafli mehnatini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni albatta yangi pog‘onaga ko‘taramiz”.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida ham 30 sentabr kuni ushbu sanaga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Markaz direktori akademik Akmal Saidov keyingi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlari sohasiga davlat tomonidan juda katta e’tibor qaratilayotganini qayd etdi.
Shu asosda O‘zbekistonda erishilayotgan muhim natijalarni, bir tomondan, jahon hamjamiyati ochiq e’tirof etmoqda. Ikkinchi tomondan, ushbu samaralar xalqimiz va mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida, jumladan, Markaz faoliyatini takomillashtirish borasidagi yuksak g‘amxo‘rlik misolida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Mamlakatimiz rivoji yo‘lidagi ko‘p yillik samarali mehnati, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ishlaridagi ibratli faoliyati hamda 1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Markazning bir guruh xodimlari taqdirlandi.
Mukofotlanganlar safida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining o‘rinbosari Dilnoza Muratova, «Demokratlashtirish va inson huquqlari» jurnali bosh muharriri Erkin Ernazarov, Markazning Inson huquqlari sohasidagi tahlil va tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i Farida Bakaeva, Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Farxod Hayitboev, «Demokratlashtirish va inson huquqlari» jurnali tahririyatining texnik guruhi tarjimoni Qosimboy Mamurov, Markazning Axborot-resurs multimedia bo‘limi boshlig‘i Odiljon Sulaymonov bor. Ularga faxriy yorliq, pul mukofoti va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Go‘zal FAXRIDDINOVA,
«Demokratlashtirish va inson huquqlari»
jurnali bosh mutaxassisi
- Qo'shildi: 30.09.2021
- Ko'rishlar: 3493
- Chop etish