«Inson huquqlarini o'qitishning uzluksiz tizimini yaratish – bugungi islohotlar talabi» mavzuidagi ma'rifiy-huquqiy aktsiya

MATBUOT KOTIBI BAYONOTI

 

Yurtimizdagi o'zgarishlarni jahon hamjamiyati ham tan olmoqda. Xususan, dunyodagi eng nufuzli nashrlardan biri bo'lgan Buyuk Britaniyaning “Ekonomist” jurnali O'zbekistonni 2019 yilda eng jadal islohotlarni amalga oshirgan davlat – “Yil mamlakati” deb e'tirof etdi. Shuningdek, Jahon bankining 2019 yildagi “Biznes yuritish” reytingida ham O'zbekiston eng ilg'or islohotchi mamlakatlar qatoridan o'rin oldi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2019 yilning oxirgi ish kunida parlament palatalari rahbarlari, hukumat a'zolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda bunday muvaffaqiyatlar 2020 yilda ham davomli bo'lishi, yanada yaxshilanishi uchun tarmoqlar va hududlarni rivojlantirish bo'yicha qabul qilingan qarorlarni bajarib, eng yuqori natijalarni ta'minlash lozim ekanini alohida qayd etdi.

Davlatimiz rahbari o'tgan yil yakunlarini sarhisob qildi va 2020 yildagi muhim vazifalarni belgilab berdi. Yig'ilishda 2019 yilda yo'l qo'yilgan xatolardan to'g'ri xulosa chiqarib, 2020 yilga belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish, mas'ul ijrochilar va muddatlarni belgilab olish zarurligi ta'kidlandi. Shuningdek, bevosita joylarga borib, ularning ijrosini tashkil qilish va doimiy nazoratni ta'minlash kerakligi aytib o'tildi.

Shu munosabat bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov 2020 yil 3-4 yanvar kunlari Qashqadaryo viloyatida bo'ladi. Ushbu xizmat safari doirasida «Inson huquqlarini o'qitishning uzluksiz tizimini yaratish – bugungi islohotlar talabi» mavzuidagi ma'rifiy-huquqiy aktsiya o'tkaziladi.

Aktsiya davomidagi uchrashuv va muloqotlarda 2019 yil yakunlari va 2020 yilga belgilangan chora-tadbirlar haqida atroflicha so'z yuritiladi. Viloyatning bir qator ta'lim va ma'rifat maskanlarida “Inson huquqlari kutubxonasi” tashkil qilinib, Markaz tomonidan beg'araz asosda kitoblar taqdim etiladi.

Mazkur aktsiya tafsilotlari haqida saytimizda matnli va foto axborotlar berib boriladi.

 

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech