QIYNOQQA SOLISHGA QARSHI KURASHISH YO‘LIDA O‘quv kurslari ochish va trenerlar tayyorlash – muhim vazifa

2021 yil 7 oktyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamkorligida tashkil etilgan “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi ikki kunlik seminar-trening o‘z ishini boshladi.

Koronavirus bilan bog‘liq sharoitni hisobga olgan holda, oflayn va onlayn shakllarda o‘tkazilayotgan seminar-treningda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Ichki ishlar Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti, Bosh prokuratura Akademiyasi mas’ul xodimlari, professor-o‘qituvchilari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmalari tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari ishtirok etmoqda.

Seminar-trening faoliyati asosan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura bilan birgalikda 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan trenerlarni tayyorlashga qaratilgan.

Ushbu vazifa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori 5-bandida belgilangan.

Keyingi bosqichda, 18 oktyabrdan 6 noyabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan Ichki ishlar vazirligi tizimida faoliyat olib boruvchi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalarining 1 ming 154 nafar xodimi uchun o‘quv kurslari tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Seminar-trening ana shu o‘quv kurslari uchun treninglar tayyorlashga mo‘ljallangan.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov tadbirni ochib berar ekan, avvalo, qiynoqlar zamirida insonning shaxsi va sha’nini oyoqosti qilish, or-nomusi va qadr-qimmatini toptash hamda xo‘rlash yotishini qayd etdi. Shuning uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning teng huquqli a’zosi hisoblanuvchi O‘zbekiston ham qiynoqlarni muayyan odamlar tomonidan boshqalarga nisbatan qo‘llanadigan eng g‘ayriinsoniy qilmish sifatida har doim qoralab keladi.

Xalqaro huquqqa ko‘ra, qiynoqlar – insoniyatga qarshi jinoyatdir. Bu borada qabul qilingan barcha hujjatlarda qiynoqlar qat’iyan taqiqlanadi hamda qiynoqqa solish holatini oqlashga hech qachon va hech qanday yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasi talabiga ko‘ra, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa turdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.

Bu haqda so‘z borganda, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1997 yil 26 iyun – Qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni deb e’lon qilinganini alohida ta’kidlash lozim. Mazkur xalqaro sanada dunyo miqyosida qiynoqlarga butunlay barham berish hamda BMTning Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi konvensiyasi yanada samarador ishlashini ta’minlashga qaratilgan turli tadbirlar o‘tkaziladi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror aynan 26 iyun – Qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kunida qabul qilindi. Bu muhim voqelik kelgusida mazkur sananing O‘zbekiston uchun milliy va xalqaro darajadagi tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning izchil davom ettirilishini ta’kidlar ekan, tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish sohasida qiynoqlarning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish zarurligiga e’tiborni qaratdi.

Davlat rahbari, avvalambor, Oliy Majlis palatalari va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi zimmasiga qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Ombudsman vakolatlarini kengaytirish, shuningdek, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan o‘z takliflarini ishlab chiqish vazifasini yukladi. Bunda Ombudsman tomonidan har choraqda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni o‘tash muassasalariga “monitoring tashriflari”ni tizimli yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, islohotlarning amaldagi bosqichi qiynoqqa solishning barvaqt oldini olish, u bilan bog‘liq murojaatlarni tezkor ravishda xolisona ko‘rib chiqish, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflarini muntazam amalga oshirish bo‘yicha samarali huquqiy mexanizmlarni yaratish ishlarini davom ettirish masalasini kun tartibiga qo‘ydi.

Mazkur dolzarb masala Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida o‘z aksini topdi. Mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida ham bu borada aniq vazifalar nazarda tutildi.

Ana shu milliy omillarni hamda BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda tashkil etilayotgan o‘quv kurslari nihoyatda dolzarb va muhimdir.

Ushbu mashg‘ulotlar qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmlarni takomillashtirish sohasida tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining qiynoqqa solishga qarshi kurashishda xalqaro amaliyot va milliy tajribani qo‘llashga oid ko‘nikmalarini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Seminar mashg‘ulotlarining birinchi kunida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Tergov departamenti boshlig‘i polkovnik Yahyojon Abdulhaqov so‘zga chiqdi. Shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Bosh prokuratura Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti ekspertlarining ma’ruzalari tinglandi.

Amaliy mashg‘ulotlar qiziqarli munozara va savol-javoblarga ulanib ketdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech