O'zbekistonning BMT va uning tuzilmalari bilan konstruktiv munosabatlari tobora mustahkamlanib bormoqda. Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi hamkorlik ushbu sheriklikning eng muhim yo'nalishlaridan biri hisoblanadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning BMT Inson huquqlari kengashining sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan bilan yuzma-yuz muloqotida bildirilgan ushbu fikrlar mo''tabar mehmonning rasmiy tashrifi yakunlariga bag'ishlangan matbuot anjumanida yana bir bor yangradi. Xalqaro press-klubda 25 sentyabr kuni bo'lib o'tgan mazkur tadbir to'g'ridan-to'g'ri efirga uzatildi.
BMT Maxsus ma'ruzachisi bir hafta davomida mamlakatimizdagi davlat tashkilotlari, vazirlik va muassasalar rahbarlari, fuqarolik jamiyati institutlari faollari, sud`yalar, prokurorlar, advokatlar, talaba-yoshlar bilan o'tkazgan qariyb 40 ta uchrashuvi yakunlari asosida milliy huquqiy tizimni yanada takomillashtirishga doir dastlabki xulosa va tavsiyalarini jamoatchilik e'tiboriga taqdim etdi. U Farg'ona va Samarqand viloyatlariga safari doirasidagi muloqotlari tafsilotlariga ham to'xtaldi.
Diego Garsiya-Sayan, dastavval, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan uchrashgani va mamlakatda 2016 yildan buyon izchil amalga oshirilayotgan noyob islohotlar dasturi haqida atroflicha fikrlashish imkoniga ega bo'lganidan mamnunligini izhor etdi.
Shuningdek, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va O'zbekiston Respublikasi Oliy sudiga – ushbu tashrifga tayyorgarlik ko'rishda yordam bergani, davlat hokimiyati idoralari vakillari hamda fuqarolik jamiyati institutlari faollariga – tashrif davomida ochiq muloqotda bo'lganlari uchun minnatdorchilik bildirdi.
BMTning yuqori martabali vakili O'zbekiston bilan konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga va demokratik yangilanishlarni amalga oshirishda amaliy ko'maklashishga tayyor ekanini ta'kidladi. “Tashrif jarayonida boshlangan samimiy muloqotlarimiz kelgusida ham davom etishini istayman”, dedi u.
BMT Maxsus ma'ruzachisi keyingi davrda dunyoning ayrim mintaqalari, xususan, G'arbiy va Markaziy Yevropa uzoq yillar davomida qaror topgan demokratik tizimdan yuz o'girib, avtoritarizm va sud tizimini ijro etuvchi hokimiyat tomonidan nazorat qilish sari qadam tashlayotgani, ya'ni demokratiyadan ortga qaytayotgani kuzatilayotganidan tashvishda ekanini bildirdi.
Shunday qaltis vaziyatda Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan O'zbekistonda keyingi yillarda sud hokimiyati mustaqilligini ta'minlash va hokimiyatning bo'linishi printsipini samarali joriy etishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotgani alohida e'tiborga sazovorligi ta'kidlandi.
Diego Garsiya-Sayanning e'tirof etishicha, keyingi 2-3 yil ichidagi shiddatli yangilanishlar mohiyati, jumladan, sud`yalarning mustaqil qaror qabul qilishiga xalal
beradigan siyosiy ta'sirlarni kamaytirishga qaratilganida yaqqol namoyon bo'lmoqda. Zero, mamlakat sud-huquq tizimiga xalqaro standartlarni joriy qilish orqali sud`ya va advokatlarning mustaqilligini ta'minlash 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasining asosiy vazifalaridan biridir.
Mo''tabar mehmon sud-huquq tizimini isloh qilish, sudlar mustaqilligini ta'minlash, odil sudlov tamoyillarini qaror toptirish borasida O'zbekistonda qisqa fursatda erishilgan bir qator ijobiy o'zgarishlarga e'tibor qaratdi.
Birinchidan, yangi konstitutsiyaviy organ – Sud`yalar oliy kengashi tashkil etilgan bo'lib, u sud tizimi va sud`yalar mustaqilligini ta'minlash borasida keng vakolatlarga ega.
Ikkinchidan, Sud`yalar oliy kengashi qoshida Sud`yalar oliy maktabi ochilgani, o'z navbatida, sud`yalarni o'qitish va malakasini oshirish ishlarining muntazamligini ta'minlashga qaratilgan.
Uchinchidan, o'z xizmat vazifalarini bajarayotgan sud`yalarning xavfsizligini ta'minlash bo'yicha zarur choralar ko'rilgan.
To'rtinchidan, sudlov ma'muriyatiga taalluqli bir qator ma'muriy va texnik funkiyalar Adliya vazirligi tasarrufidan chiqarilib, Oliy sud huzurida yangi tashkil etilgan Sudlar faoliyatini ta'minlash bo'yicha departament vakolatiga o'tkazilgan.
Beshinchidan, Oliy sud veb-saytida sud qarorlari muntazam e'lon qilib borilmoqda, odil sudlovdan foydalanish shaffofligi va qulayliklarini ta'minlash maqsadida sud tizimiga raqamli axborot texnologiyalari izchil tatbiq etilmoqda.
Oltinchidan, Advokatlar palatasi ijro etuvchi hokimiyatdan mustaqil faoliyat yuritishini ta'minlashga doir kafolatlar yaratilgan.
Yettinchidan, korruptsiyaga qarshi kurashish siyosatini joriy etish sohasida bir qancha ta'sirchan qadamlar qo'yilgan, jumladan, “Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi qonun qabul qilingan va uning ijrosini ta'minlash mexanizmlari ishlab chiqilgan.
BMT Maxsus ma'ruzachisi O'zbekistonda keyingi uch yilda oqlov hukmlari keskin ko'payganini sudlarning prokuraturadan mustaqil, erkin faoliyat olib borishlarini ta'minlash borasidagi amaliy ishlarning yaqqol natijasi, deb baholadi.
Haqiqatan ham, 2006 yili mamlakatimizda sudlar tomonidan bor-yo'g'i 6 nafar shaxs oqlangan bo'lsa, 2018 yilda 867 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi o'qilgan.
Joriy yilning shu davrida ayni ko'rsatkich 500 nafardan ortiqni tashkil qilmoqda.
Mamlakat sud tizimining tom ma'noda mustaqilligi va odil sudlov erkinligini ta'minlash sohasida O'zbekiston Prezidenti boshlab bergan demokratik islohotlarning qaytmasligini ta'minlash zarur. Bu, o'z navbatida, mazkur sohada yangi, yanada muhim vazifalarni bajarishni taqozo etadi.
Diego Garsiya-Sayan bu haqda fikr yuritar ekan, ba'zi bir masalalar yuzasidan o'zining dastlabki tavsiyalariga to'xtaldi. Ushbu tavsiyalar asosan:
• sud`yalarni saylash va tayinlash;
• sud`yalarning lavozimida ishlab qolishini kafolatlash;
• sud`yalarni professional asosda tayyorlash;
• sud raislarini tayinlash tartibi va ularning vakolatlari ko'lamini qayta ko'rib chiqish;
• sud`yalarga intizomiy chora ko'rish tartib-taomillarini mukammallashtirish;
• Oliy sud kengashi a'zolarini saylash va tayinlash tizimini takomillashtirish;
• prokuratura tizimi vakolatlarini qisqartirish;
• advokatlar sonini oshirish va yosh huquqshunoslarni ushbu kasbga qiziqtirish uchun targ'ibot ishlarini kuchaytirish istiqbollari bilan bog'liq.
Mehmon O'zbekistonga tashrifiga doir ko'plab savollarga javob qaytardi.
Matbuot anjumanida BMT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari vakillari, xorijiy davlatlar elchixonalari xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari faollari, advokatlar, inson huquqlari himoyachilari, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etdi.
Ma'lumot uchun: BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan boshchiligidagi mazkur delengatsiyaning mamlakatimizga tashrifidan ko'zlangan maqsad BMT Maxsus ma'ruzachisi vakolatlariga taalluqli sohalar doirasida muloqotlar olib borish va o'zaro hamkorlik istiqbollarini o'rganishdan iborat bo'ldi. BMT Maxsus ma'ruzachisi O'zbekistonga tashrifi yakunlari bo'yicha xulosa va tavsiyalarini BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashiga taqdim etishi ko'zda tutilgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 27.09.2019
- Ko'rishlar: 5597
- Chop etish