13 oktyabr kuni Belgrad shahrida (Serbiya) Parlamentlararo Ittifoqning 141-assambleyasi ish boshladi.
Shu munosabat bilan Serbiya Milliy Majlisida butun dunyodan 1700 nafardan ziyod parlament a'zolari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari, fuqarolik jamiyati institutlarining faollari to'plandi.
Ushbu xalqaro anjuman “Xalqaro huquqni mustahkamlash: parlamentlarning roli va ishlash mexanizmi hamda mintaqaviy hamkorlikning ahamiyati” mavzusiga bag'ishlangan.
Deputatlar gender tenglikni yaxshilash, yoshlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish sohasida erishilgan eng so'nggi natijalarni ham muhokama qiladi. Parlament a'zolarining huquqlarini himoya qilish va sog'liqni saqlash xizmatlari bilan keng qamrovda ta'minlash masalalari ko'rib chiqiladi.
Anjumanda qariyb 140 mamlakatdan delegatlar, jumladan, 70 nafar parlament spikerlari va 40 nafar ularning o'rinbosarlari, shuningdek, 700 dan ortiq deputat qatnashmoqda. Ushbu parlamentlar a'zolarining 30 foizi ayollar va 17 foizi yoshlardan iboratdir.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasi raisi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi ham 141-assambleya ishida ishtirok
etmoqda.
Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi o'z ishini 17 oktyabrga qadar davom ettiradi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 14.10.2019
- Ko'rishlar: 5381
- Chop etish