Davlat rahbatlarining xalq vakillari oldida murojaat bilan chiqishining tarixi O'rta asrlarga borib taqaladi. Bu an'anaga XIV asrda Angliya asos solgan.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev O'zbekistonda birinchi marta 2017 yilda mamlakat parlamentiga murojaat bilan chiqqan edi. Avvalgi ikki Murojaatda davlatimizni taraqqiy ettirish, xalqimiz farovonligini oshirish va boshqa juda muhim ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy masalalar bo'yicha strategik dasturlar belgilab berilgan edi.
Shu bilan birga O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis palatalariga bu galgi Murojaatnomasi nafaqat hayotiy dolzarbligi va innovatsionligi bilan ajralib turishi bilan birga, mantiqiy uzviylikka ham ega deyish mumkin.
Agar 2017 yil – “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da mamlakatda va jamiyatimizda to'planib qolgan muammolarga aniqlik kiritilib, ularni hal etish choralari ko'rilgan, 2018 yil – “Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili”da e'tibor milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning asosiy yo'nalishlariga qaratilgan bo'lsa, 2019 yil – “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da belgilangan strategik vazifalarni izchil amalga oshirishning ustuvor yo'nalishlari belgilab berildi va bu maqsadlarga erishish vazifalariga aniqlik kiritildi.
Har bir yil uchun ishlab chiqilgan dasturlarni amalga oshirishning samaralari o'tgan yilgi iqtisodiy o'sish 5,6 foizni tashkil etgani, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 6,6 foizga, eksport – 28 foizga ko'payganida o'z ifodasini topdi.
Taqqoslash uchun: jahon iqtisodiyotining o'sishi 2019 yilda 3,2 foizni tashkil etgan. Shuning uchun dunyodagi nufuzli nashrlardan biri – “Ekonomist” jurnali O'zbekistonni 2019 yilda islohotlarni eng jadal amalga oshirgan davlat – “Yil mamlakati” deb e'tirof etdi.
2020 yilning “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e'lon qilinishi yangilanayotgan O'zbekistondagi islohotlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko'tarishga yo'naltirilgan. Prezidentimizning Murojaatnomasida ta'kidlaganidek, “biz O'zbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirishni maqsad qilib qo'ygan ekanmiz, bunga faqat jadal islohotlar, ilm-ma'rifat va innovatsiya bilan erisha olamiz. Buning uchun, avvalambor, tashabbuskor islohotchi bo'lib maydonga chiqadigan, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalashimiz zarur”.
Ushbu strategiya asosida mamlakatimiz tarixida ilk bor 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash, mutlaqo yangi professional ta'lim tizimlari joriy qilinadi. Shuningdek, kadrlar malakasini xalqaro mehnat bozori talablariga moslashtirish maqsadida milliy malaka tizimi ishlab chiqiladi.
Maktab bitiruvchilarini oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasini esa 2020 yilda kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga yetkazish rejalangan. Oliy o'quv yurtlariga talabalar qabul qilish davlat grantlari ikki barobar ko'paytirilishi, qizlar uchun alohida grantlar ajratilishi 2020 yil nomida belgilangan sohalarni ustuvor darajada rivojlantirishga yo'naltirilganligi dalolatidir.
Hozirgi vaqtda jahonning rivojlangan davlatlarida yangi – “raqamli iqtisodiyot” shakllantirilmoqda va rivojlantirilmoqda. Xususan, raqamli iqtisodiyot jahonning taraqqiy etgan 20 mamlakatida 2 trillion AQSH dollari miqdorida samara keltirayotganligi qayd etilgan. Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda dunyoda peshqadam Buyuk Britaniyada esa u hozirning o'zida milliy yalpi ichki mahsulot hajmining 12 foizini tashkil etmoqda.
O'zbekistonda ham 2020 yil raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda tub burilish yili bo'lishi kutilmoqda. Buning uchun Murojaatnomada ko'rsatilganidek, birinchi navbatda, qurilish, energetika, qishloq va suv xo'jaligi, transport, geologiya, kadastr, sog'liqni saqlash, ta'lim, arxiv sohalari to'liq raqamlashtiriladi.
Toshkent, Nukus, Buxoro, Namangan, Samarqand, Guliston va Urganch shaharlarida zamonaviy infratuzilmaga ega bo'lgan axborot texnologiyalari majmualari – “IT-park”lar barpo etiladi. Raqamli iqtisodiyot uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida xorijiy hamkorlar bilan birgalikda “1 million dasturchi” loyihasini amalga oshirish ham boshlangan.
Prezidentimizning Oliy Majlis palatalariga Murojaatnomasida Inson huquqlari bo'yicha milliy strategiyani qabul qilishni tezlashtirishimiz kerakligi uqtirildi. Ushbu milliy strategiya loyihasini ishlab chiqish Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi zimmasiga yuklangan.
Inson huquqlari bo'yicha milliy strategiya:
- O'zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarining to'liq bajarilishini ta'minlash;
- fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya etilishini monitoring qilish mexanizmlarini takomillashtirish;
- inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni ta'minlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy va boshqa kompleks choralar tizimini yaratish;
- qonunchilikka va davlat organlari, xususan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning amaliy faoliyatiga inson huquq va erkinliklari sohasida xalqaro standartlarni implementatsiya qilish mexanizmlari va tartibi samaradorligini oshirish;
- aholining inson huquqlari sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirish, jumladan bu borada samarali axborot va ma'rifat tarqatish, ta'lim berish faoliyatini tashkil etish;
- inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, xorijiy mamlakatlar milliy institutlari bilan hamkorlikni yangi bosqichga ko'tarish maqsadlarini ko'zlaydi.
2020 yilda mamlakatimizda yoshlar huquqlariga bag'ishlab xalqaro Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi o'tkaziladi. Ushbu anjumanda Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida taklif etgan Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiya loyihasi muhokama etiladi.
Murojaatnomada mamlakat va hududlar darajasida nodavlat notijorat tashkilotlari bilan ijtimoiy sheriklikni keng yo'lga qo'yish, grantlar va ijtimoiy buyurtmalarni ko'paytirishimiz kerakligi ham ko'rsatilgan.
Shu maqsadda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va aholida qiziqish uyg'otadigan o'ta muhim masalalarga doir qarorlarni qabul qilishda jamoatchilik bilan maslahatlar, jamoatchilik eshituvlarini o'tkazish amaliyotga joriy etiladi. Bunda muhokamaga qo'yilgan qarorlar loyihalari jamoatchilik ma'qul desa – ma'qul, noma'qul desa – noma'qul deb topiladi.
Jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, davlat va jamiyat o'rtasida o'zaro yaqin hamkorlik o'rnatish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Jamoatchilik palatasini tashkil etilishi rejalashtirilgan
O'zbekistonning 2021-2023 yillar mobaynida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha kengashiga a'zo bo'lishi masalasi ham izchil ilgari suriladi.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis palatalariga Murojaatnomasida belgilab berilgan ustuvor yo'nalishlar doirasidagi muhim vazifalarning izchil amalga oshirilishi yangilanayotgan O'zbekistonni yanada taraqqiy ettirishga xizmat qilishi shubhasizdir.
E.ERNAZAROV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali
bosh muharririning o'rinbosari,
O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist
- Qo'shildi: 27.01.2020
- Ko'rishlar: 5939
- Chop etish