Yaponiya davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy tizimi

(«Yaponiya Konstitutsiyasi – o'zbek yuristi nigohida» maqolasining davomi)

 

Konstitutsiyada suveren hokimiyat xalqqa mansubligi e'lon qilinadi hamda davlat hokimiyatining oliy organi Parlament ekanligi (41-modda), ijroiya hokimiyat Mahkama tomonidan amalga oshirilishi (65-modda), sud hokimiyati esa sudlarga mansubligi (76-modda) qayd etiladi. Parlament bilan Mahkama o'rtasidagi o'zaro aloqalarni ta'minlash uchun “parlament-mahkama tizimi” deb ataladigan tizim qabul qilingan.

Konstitutsiya parlament davlat tizimining printsiplarini, fuqarolarning asosiy kafolatlari va huquqlarini o'rnatadi.

1947 yil Konstitutsiyasining 4-bobi (41-64 – moddalar) Parlamentga taalluqli, 5-bob (65-75-moddalar) Mahkamaga taalluqli, 6-bob esa (76-82-moddalar) sud tizimiga taalluqli qoidalardan iboratdir.

Qonunchilik hokimiyati. Parlament ikki - Vakillar palatasi va Maslahatchilar palatasidan iborat, ularning tarkibiga butun xalqning vakillari bo'lgan, saylanadigan a'zolar kiradi (42-modda va 43-moddaning 1-bandi).

Yaponiyaning barcha fuqarolari, 20 yoshdan yuqori ham xotin-qizlar, ham erkaklar saylovlarda teng ovozga ega. Vakillar palatasi a'zoligiga 25 yoshdan katta har bir yapon fuqarosi saylanishi mumkin. Maslahatchilar palatasining a'zoligiga esa, 30 yoshdan katta yoshdagilar nomzod bo'lishi mumkin.

1947 yil Konstitutsiyasida Vakillar palatasi a'zolari vakolatining muddati 4 yilni tashkil etadi (biroq Vakillar palatasi tarqatib yuborilganda ularning vakolati to'liq muddat tugashidan avval to'xtatiladi); ayni paytda Maslahatchilar palatasi a'zolarining vakolati muddati olti yilni tashkil etadi (har uch yilda a'zolarning yarmi qayta saylanadi) (45-46-moddalar).

Vakillar palatasi a'zolarining soni 465 nafarni tashkil etadi. Vakillar palatasining 289 ta a'zosi bir mandatli okruglar tizimiga muvofiq saylanadi. Qolgan 176 a'zo proportsional vakillik tizimiga muvofiq saylanadi. Bunda mamlakat 11 saylov okrugiga bo'linadi. Maslahatchilar palatasi a'zolarining soni 248 nafar; ularning 100 nafar a'zosi proportsional vakolatlik tizimiga muvofiq, qolgan 148 tasi 47 ta prefekturaning saylov okrugidan saylanadi.

Yaponiya parlamentining o'ziga xosligi palatalarning teng mavqega emasligidir. Vakillar palatasi vakolatlari bo'yicha Maslahatchilar palatasidan sezilarli ustunlikka ega. Hukumat quyi palata oldida mas'uldir. Ularning faoliyati va mas'uliyati (tarqatib yuborilishi) turlichadir. Yuqori palata (Maslahatchilar palatasi) vakolat muddatidan ilgari tarqatib yuborilishi mumkin emas. Biroq quyi palata (Vakillar palatasi) qonunchilik faoliyatida nufuzliroq mavqega ega, jumladan yuqori palata  qonun loyihasiga taqiq qo'yish huquqiga ega, ammo bu taqiq quyi palata a'zolarining takroriy ovoz berishida ularning ko'pchiligi ovozi bilan bekor qilinishi mumkin.

Ijroiya hokimiyat. Yaponiya Vazirlar Mahkamasi 1885 yilda tashkil etilgan hamda Buyuk Yaponiya imperiyasining Konstitutsiyasi va 1888 yilgi “Vazirlar Mahkamasining hukumat tizimi to'g'risida”gi 135-imperator hujjati bilan tasdiqlangan. Ushbu qarorlarga muvofiq, ijroiya hokimiyat to'laligicha Imperatorga mansub bo'lib, u Vazirlar Mahkamasini shakllantirish va qayta shakllantirish huquqiga ega bo'lgan hamda Yaponiyaning Bosh vazirini, boshqa vazirliklar ustidan rahbarni tayinlash huquqiga ega bo'lgan.

Yaponiyaning 1947 yilgi Konstitutsiyasi Yaponiya Imperatorining davlatni boshqarishga ta'sir ko'rsatishini bekor qildi va ijroiya xokimiyat funktsiyalarini Bosh vazir boshchiligidagi Vazirlar Mahkamasiga berdi. Mahkamaning maqomi va vakolatlariga 1947 yilgi Vazirlar Mahkamasi to'g'risidagi qonunda aniqlik kiritilgan. Ushbu har ikki hujjatda belgilab qo'yilgan huquqiy normalar shu kungacha amaldadir.

Yaponiyaning Vazirlar Mahkamasi tegishli vazirliklarga rahbarlik qiladigan kamida 14 ta, alohida holatlarda 17 vazirdan iborat. (Vazirlar Mahkamasi to'g'risidagi qonunning 2-moddasi). Ularni Vazirlar Mahkamasining rahbari - Yaponiya Bosh vaziri tayinlaydi va ishdan bo'shatadi, Yaponiya Imperatori esa buni tasdiqlaydi. Har bir vazir fuqaro shaxs bo'lishi kerak. Vazirlar Mahkamasi a'zolarining yarmidan ko'pi Yaponiya Parlamenti deputatlari orasidan saylanishi kerak (66-68-moddalar).

Vazirlar Mahkamasi tarkibiga Yaponiya Vazirlar Mahkamasining Kotibiyati kiradi. Ushbu idora Bosh vazirning maslahatchisi va vakili funktsiyasini bajaradi.

Vazirlar Mahkamasi mamlakatda davlat hokimiyatining oliy organi bo'lgan Yaponiya Parlamentiga hisob beradi (66-modda). Parlament Mahkamaga ishonchsizlik bildirish huquqiga ega bo'lib, uning barcha a'zolarini to'g'ridan-to'g'ri iste'foga chiqara oladi (70-modda).

Yaponiyada fuqaro xizmati tizimi qabul qilingan bo'lib, uning doirasida ma'muriy ishlar bilan milliy darajadagi boshqaruv organlari darajasida va davlat hokimiyatining mahalliy organlari darajasida ishlayotgan fuqaro xizmatchilar shug'ullanadi.

 

Yaponiya Konstitutsiyasi va sud tizimi

Yaponiya sud tizimi asosiy xususiyatlari Konstitutsiyaning 76-moddasida belgilangan quyidagi qoidalardan iborat:

birinchidan, sud hokimiyati to'laligicha sudlarga mansub (76-moddaning 1-bandi);

ikkinchidan, Konstitutsiyaga muvofiq, barcha sud`yalar o'z vakolatlarini amalga oshirishda mustaqildir va faqat Konstitutsiya hamda qonunlar bilan bog'liqdir (76-moddaning 3-bandi);

uchinchidan, sud`yalar davlat tomonidan surishtiruvlarsiz impichment tartibida mansablaridan chetlatilishi mumkin emas. Sudya sud tartibida o'z vazifalarini aqlan yoki jismonan bajarishga qodir emasligi e'lon qilingan holatlar bundan istisnodir;

to'rtinchidan, hech bir ijro etuvchi organ yoki muassasa sud`yalarga intizomiy choralarni qo'llay olmaydi (78-modda).

Parlament har ikki palatasi a'zolaridan vazifasidan chetlatish bo'yicha ish qo'zg'atilgan sud`yalar huquqbuzarliklarini ko'rib chiqish uchun impichment sudi tashkil etadi (64-modda).

Oliy sud sud`yalarini tayinlash ushbu tayinlashlar Vakillar palatasiga umumiy saylovlardan keyin birinchi tayinlashlarni o'tkazishda xalq tomonidan qayta ko'rib chiqiladi hamda o'n yil o'tgach, Vakillar palatasiga birinchi umumiy saylovlar o'tkazilishida qayta ko'rib chiqiladi; ushbu tartib kelgusida huddi shu tarzda takrorlanadi.  Ko'pchilik saylovchilar qaysidir sud`yani vazifasidan chetlashtirishni yoqlab chiqsa, ushbu sud`ya vazifasidan chetlashtiriladi (79-moddaning 2, 3-va 4-bandlari).

Sud tizimi Oliy sud va quyi instantsiya sudlarini (yuqori sudlar, okrug sudlari, oilaviy ishlar bo'yicha sudlar, qo'shma yurisdiktsiya sudlari) qamrab oladi. Oliy sud Bosh sud`ya va 14 sud`yadan iborat. Printsip jihatidan ishlarni ko'rib chiqishning uch bosqichli tizimi qabul qilingan.

Qonunda ko'zda tutilgan muayyan vaziyatlar paydo bo'lganida, bu hatto sud tomonidan ko'rib chiqilganidan keyin ham yangi ish ko'rilishi mumkin. Bundan tashqari suddagi surishtiruvlar va qarorlarni e'lon qilish, qoida bo'yicha, ochiq majlislarda (82-moddaning 1-bandi) o'tkaziladi.

Oliy sud konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshirish huquqiga ega (Amerika modeli bo'yicha).

 

Mahalliy o'zini o'zi boshqarishning konstitutsiyaviy asoslari

Yaponiya mahalliy o'zini o'zi boshqarish institutlari juda rivojlangan unitar davlatdir. Konstitutsiyaning 92-moddasida “Davlat hokimiyati mahalliy organlarini tashkil etish va ularning faoliyatiga doir qoidalar qonun tomonidan mahalliy muxtoriyat printsipiga muvofiq o'rnatiladi” deb ko'rsatilgan. Shunga muvofiq, 1947 yilda Mahalliy o'zini o'zi boshqarish to'g'risidagi qonun qabul qilingan.

Yaponiyaning mahalliy davlat hokimiyati organlari prefekturalar, yirik shaharlar, kichik shaharlar va qishloq aholi punktlarini qamrab oladi. Hozirgi paytda Yaponiyada 47 ta prefektura hamda 3255 ta yirik va kichik shaharlar hamda qishloq aholi punktlari, shu jumladan maxsus ma'muriy tumanlar[1] mavjuddir.

Har bir mahalliy davlat hokimiyati organi o'z yig'ini va bosh mansabdor shaxsiga (gubernator, mer va hokazolar) egadir. Yig'in tarkibiga tegishli organlar hududida yashaydigan, aholi tomonidan saylanadigan a'zolar kiradi. Ularning asosiy vazifasi qonunlar doirasida qarorlar qabul qilish, bu qarorlarni o'zgartirish yoki bekor qilish, byudjet bo'yicha qarorlar qabul qilish hamda yakuniy hisobotni tasdiqlash hisoblandi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining bosh mansabdor shaxslari mahalliy aholi tomonidan saylanadi hamda davlat hokimiyati mahalliy organlarining vazifalarini, shu jumladan qarorlar ijrosini ta'minlash, yig'inga qonun loyihalari va byudjet loyihalarini taqdim etish, shuningdek normativ qoidalarni o'rnatish kabi ishlarni bajaradi.

Mahalliy muxtoriyat to'g'risidagi qonun aholi uchun mahalliy davlat organlariga bevosita murojaat qilish huquqini nazarda tutadi. Bevosita murojaatlar qarorlarni qabul qilish, o'zgartirish yoki bekor qilish, ishlarning holatini tekshirish, yig'inni tarqatib yuborish, yig'in a'zolari vakolatlarini yoki davlat hokimiyati mahalliy organi boshlig'ining vakolatlarini chaqirib olish yuzasidan bo'lishi mumkin.

 

Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklari

Fuqarolarning keng huquq va erkinliklari mustahkamlab qo'yilishi 1947 yilgi Yaponiya Konstitutsiyasining asosiy xususiyatlaridan biridir. Shaxsning asosiy huquqlari va erkinliklari xalq suvereniteti printsipidan ajralmasdir. Konstitutsiyaning uchinchi bobi shaxsning huquqiy maqomini o'rnatadi. Bu bobda faqat asosiy huquqlargina emas, shuningdek majburiyatlar doirasi ham mustahkamlab qo'yilgan.

Inson huquqlari va erkinliklarining yangi konstitutsiyaviy tizimini o'rnatishda shaxsning rolini avtoritar huquq-tartibotda nofaol unsur sifatida emas, balki huquq va erkinliklarning faol eltuvchisi sifatida tan olinishi hal qiluvchi omildir.

Konstitutsiyada insonning asosiy huquqlari “odamlarning erkinlik uchun asriy kurashlari natijasi” hisoblanishi hamda ular “abadul-abad buzilmas bo'lib qolishi umidida hozirgi va kelajak avlodlarga in'om etilganligi” (97-modda) hamda “ushbu Konstitutsiya bilan xalqqa kafolatlangan erkinliklar va huquqlar xalqning doimiy sa'y-harakatlari qo'llab-quvvatlanishi zarurligi ko'zda tutilgan” (12-modda).

Tenglik masalasiga kelganda, Konstitutsiyada “Barcha odamlar qonun oldida tengdir hamda irqi, dini, jinsi, ijtimoiy faoliyati, shuningdek kelib chiqishi sabablari bo'yicha siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy kamsitilishga yo'l qo'yilmaydi” (14-moddaning 1-bandi) deb ko'rsatilgan.

Bunga qo'shimcha ravishda Konstitutsiyada quyidagilar belgilangan:

birinchidan, perchilik va boshqa aristokratik institutlar man etiladi (14-moddaning 2-bandi);

ikkinchidan, umumiy saylov huquqi (15-moddaning 3-bandi) hamda oila va jinslarning tengligi zarurligi masalalariga nisbatan shaxsiy qadr qimmat kafolatlanadi (24-modda);

uchinchidan, Parlamentning har ikki palatasi a'zolari va ularning saylovchilariga talablar ko'rsatilgan (44-modda);

to'rtinchidan, ta'lim olish teng huquqi ko'zda tutilgan (26-moddaning 1-bandi);

Huquqlar va erkinliklarga taalluqli masalalarda esa Konstitutsiya fikrlash va vijdon erkinligini o'rnatadi (19-modda). Ushbu modda mazmunidan kelib chiqqan holda Yaponiya davlat tuzilishining dunyoviy xususiyati to'g'risida gapirish mumkin.

Shuningdek, din erkinligi (20-modda) va ilmiy faoliyat erkinligi (23-modda) kafolatlanadi. Konstitutsiya, shuningdek yig'ilishlar o'tkazish va uyushish erkinligini, so'z, matbuot va fikr bildirishning boshqa shakllari erkinligini ham kafolatlaydi (21-moddaning 1-bandi).

Shaxs erkinligi huquqiga kelganda esa, Konstitutsiyada qulchilik va majburiy mehnat man etiladi (18-modda). Hech kim qonun tomonidan o'rnatilgan tartib istisno etilganda hech bir boshqa jinoiy jazoga duchor qilinishi mumkin emas (31-modda). Hech kim jinoyat joyida, sud`ya tomonidan berilgan buyruqqa asoslanib qamoqqa olish  istisno etilganda qamoqqa olinishi mumkin emas (33-modda).

Konstitutsiyaning 33-moddasida ko'zda tutilgan istisnolardan tashqari barcha shaxslarning o'z yashash joyi,  hujjatlari va mulkining daxlsizligi buzilmasligi kerak. Shuningdek, sud`ya tomonidan berilgan buyruq istisno etilganda, bostirib kirish,  tintuv qilish va musodara qilishga yo'l qo'yilmaydi (35-modda).

Hech kim darhol ayblov e'lon qilinmagan va advokatga murojaat etish huquqi berilmagan bo'lsa, ushlanishi yoki ozodlikdan mahrum etilishi mumkin emas. Shuningdek, hech kim zarur asoslarsiz ushlanishi mumkin emas (34-modda).

Davlat mansabdor shaxslari tomonidan qiynoqqa solish va shafqatsiz jazolash qat'iyan man etiladi (36-modda). Barcha jinoiy ishlar bo'yicha ayblanuvchi o'z ishining xolis sud tomonidan tez va ochiq ko'rib chiqilishi huquqiga ega. Bunda ayblanuvchiga barcha guvohlardan guvohlik olish uchun to'la imkoniyat taqdim etiladi. Ayblanuvchi davlat hisobiga guvohlarni majburiy ravishda olib keltirish va malakaviy advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega (37-modda).

Hech kim o'ziga qarshi ko'rsatma berishga majburlanishi mumkin emas. Majburlash, qiynash yoki tahdid ostida yoxud asossiz uzoq muddat qamoqqa olinish va hibsda saqlanish orqali
olingan ko'rsatmalar dalil sifatida ko'rilishi mumkin emas. Hech kim o'ziga qarshi yagona dalil o'zining ko'rsatmasi bo'lgan holatda hukm qilinishi va jazolanishi mumkin emas (38-moddaning 1-bandi).

Hech kim sodir etilgan paytda qonuniy bo'lgan xatti-harakatlari uchun yoki bitta jinoyat uchun ikki marta jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas (39-modda).

Konstitutsiyada har bir shaxs uchun yashash joyini va kasb tanlashni o'zgartirish erkinligi (22-moddaning 1-bandi), mulkka egalik huquqi (29-moddaning 1- va 2- bandlari), shuningdek hamma uchun davlat chegarasidan tashqariga chiqish erkinligi va o'z fuqaroligidan voz kechish erkinligi ko'zda tutiladi (22-moddaning 2-bandi).

Hamma salomatlik va madaniy turmushning eng kam darajasini saqlab turish huquqiga ega (25-moddaning 1-bandi). Davlat turmushning barcha sohalarida jamiyat farovonligini, ijtimoiy ta'minotni, shuningdek aholi salomatligini oshirish va yanada rivojlantirish chora-tadbirlarini ko'rishi kerak (25-moddaning 2-bandi).

Bundan tashqari, hamma o'z qobiliyatiga muvofiq ta'lim olish huquqiga ega (26-moddaning 1-bandi) va “majburiy ta'lim bepul amalga oshiriladi” (26-moddaning 2-bandi).

Konstitutsiyada mehnat qilish huquqi hamda ish haqiga taalluqli standartlar o'rnatilgan. Shuningdek, bolalarni ekspluatatsiya qilish man etilgan (27-modda). Mehnatkashlarning tashkilot tuzish huquqi va ularning jamoaviy muzokaralar ham boshqa jamoaviy ish ko'rishlari huquqi kafolatlanadi (28-modda).

Har kim, qonunga muvofiq, qaysidir bir davlat mansabdor shaxsning noqonuniy xatti-harakatlari oqibatida davlatdan yoki davlat hokimiyatining mahalliy organlaridan o'zi ko'rgan zararini qoplashni talab qilishi mumkin (17-modda).

Har kim qamoqqa olingan yoki ushlanganidan keyin sud tomonidan oqlansa, qonunga muvofiq yetkazilgan zararni qoplash to'g'risida davlatga da'vo arizasi berishi mumkin (40-modda).

Ijtimoiy infratuzilma ob'ektlarini barpo etish uchun yer olib qo'yilgan holatda davlat yoki davlat hokimiyatining mahalliy organlari xatti-harakatlari oqibatida zarar ko'rayotganlar kompensatsiya berilishini talab etishi mumkin (29-moddaning 3-bandi).

Konstitutsiyada “Xalq davlat mansabdor shaxslarini saylash va ularni vazifasidan chetlashtirish ajralmas huquqiga ega”ligi belgilab qo'yilgan hamda balog'at yoshiga yetganlar uchun umumiy saylov huquqi kafolatlanishi va yashirin ovoz berish ko'zda tutilgan (15-modda).

Konstitutsiyada Oliy sud sud`yalari tayinlanishining xalq tomonidan qayta ko'rib chiqilishi (79-moddaning 2-,3-,4-bandlari), maxsus qarorlar qabul qilish uchun davlat hokimiyati mahalliy organlari hududida yashayotgan shaxslarning roziligi, shuningdek Konstitutsiyaga o'zgartirishlar xalq tomonidan ma'qullanishi zarurligi (96-modda) ko'zda tutilgan.

Unda shuningdek zararni qoplash, davlat mansabdor shaxslarini vazifasidan chetlashtirish, qonunlar, farmonlar yoki ko'rsatmalarni joriy etish, bekor qilish yoki tuzatish, shuningdek boshqa masalalar bo'yicha ariza bilan murojaat qilish huquqlari ko'zda tutilgan (16-modda).

Bundan tashqari ushbu masala bo'yicha Yaponiya qo'shilgan turli shartnomalarda tilga olinadigan “inson huquqlari” turli qonunlar va normativ hujjatlar tomonidan kafolatlanadi. (davomi bor).

 

Akmal Saidov,
akademik

 

[1] Maxsus ma'muriy tuman alohida mahalliy davlat hokimiyati organlari hisoblanadi. Yirik shaharlarning yagona maqomini ta'minlash maqsadida maxsus ma'muriy tumanlar uchun odatdagi yirik va kichik shaharlar hamda qishloq aholi punktlaridagidan farqli ravishda bir qancha boshqa maqsadlar belgilangan, tuzilma va vakolatlar o'rnatilgan.

Powered by GSpeech