O‘zbekiston va Birlashgan millatlar tashkiloti: Inson qadri-qiymati yo‘lidagi 30 yillik hamkorlik

1992 yil 2 mart kuni mustaqil O‘zbekiston davlati dunyodagi eng nufuzli tashkilot  Birlashgan Millatlar Tashkilotining teng huquqli a’zosi bo‘ldi, uning Nyu-York shahridagi qarorgohida mamlakatimizning davlat bayrog‘i hilpiray boshladi.

 

BMTning xalqaro munosabatlardagi roli

Bugungi murakkab sharoitlarda, miqyosiga ko‘ra misli ko‘rilmagan qurolli ziddiyatlar hamda xalqaro darajada tinchlik va barqarorlikka oshib borayotgan tahdid sahnida tinchlik va xavfsizlikni, barqarorlikni, inson huquqlarini himoya qilish va tizimli taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida a’zo davlatlarning sa’y-harakatlarini birlashtirishni maqsad qilgan universal xalqaro tuzilma sifatida BMTning roli va mas’uliyati ortib bormoqda. 

75 yildan ko‘proq vaqt oldin tashkil etilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti hozirgi vaqtda 193 davlatni birlashtirgan. Katta va kichik, boy va kambag‘al davlatlar, turli siyosiy qarash va tuzilmaga ega mamlakatlar BMT a’zolari bo‘lishi mumkin, ularning barchasi ovoz berish va bu jarayonda ishtirok etish huquqiga ega. 

BMT tizimida oltita bosh organ bo‘lib, ularning beshtasi — Bosh Assambleya, Xavfsizlik Kengashi, Iqtisodiy va ijtimoiy Kengash,  Vasiylik Kengashi va Kotibiyat Nyu-Yorkdagi qarorgohida faoliyat ko‘rsatadi, Xalqaro sud  — Gaaga (Niderlandiya)da joylashgan. 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining maqsad va faoliyati 1945 yil 26 iyunda San-Fransisko shahrida 50 ta mamlakat tomonidan imzolangan BMT Ustavida bayon etilgan maqsad va prinsiplar asosida belgilanadi. 1945 yilning 24 oktyabrida kuchga kirgan Ustavda BMT strukturasi hamda bahs va nizolarni hal qilishning asosiy tamoyillari mustahkamlangan. 1948 yildan boshlab ushbu ahamiyatli sana BMT kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. E’tiborlisi shundaki, BMT Ustavi inson huquqlarini himoya qiluvchi ilk xalqaro hujjat bo‘lib, global qo‘llab-quvvatlovga erishdi. Uning inson huquqlari to‘g‘risidagi qoidalari uch yil o‘tib, 1948 yili Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida o‘z aksini topdi.

O‘zbekistonning BMT bilan hamkorligi dinamikasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev qayd etganidek, “1945 yilda tashkil etilganidan buyon BMT xalqaro miqyosda tinchlik va xavfsizlikni saqlash, barqaror rivojlanishni ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishda markaziy muvofiqlashtiruchi rol o‘ynaydigan chinakam universal xalqaro tuzilmaga aylandi”.

O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan dunyoning asosiy xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikka katta ahamiyat qaratadi. Davlatimiz BMT Ustavi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa asosiy xalqaro shartnomalardagi maqsad va prinsiplarga sodiq bo‘lib, o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni og‘ishmay bajarib kelmoqda. 

BMTning teng huquqli va to‘laqonli a’zosi sifatida O‘zbekiston tenglik, hamkorlik, ko‘ptomonlamalik va xalqaro siyosiy tizimni himoya qilish prinsiplariga so‘zsiz amal qilishini namoyish etmoqda. So‘nggi vaqtlarda xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, yangi global qurolli to‘qnashuvlarning oldini olish, mamlakatlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, global muloqot va harakatlar hamda butun dunyoda inson huquqlarini himoya qilish kabi g‘oyalarni faol ilgari surmoqda. 

O‘zbekiston BMT va uning ixtisoslashtirilgan muassasalari, jumladan, Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon intellektual mulk tashkiloti, YuNESKO, Jahon oziq-ovqat tashkiloti, Jahon banki, MAGATE va boshqalar ishida faol ishtirok etib kelmoqda. 

1993 yilning 24 oktyabrida Toshkentda BMT vakolatxonasi ochildi. O‘zbekistonda BMTning o‘ndan ortiq dasturlari, fondlari va agentliklari, shu jumladan, BMT Taraqqiyot dasturi, Aholishunoslik fondi (YuNFPA), Bolalar fondi (YuNISEF), Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi, OIV/OITS bo‘yicha birlashgan dastur, Gender tenglik, ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish masalalari bo‘yicha tuzilmalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Turli yillarda O‘zbekistonga BMT Bosh kotiblari — Kofi Annan, Pan Gi Mun, 2017 yili amaldagi Bosh kotib Antoniu Guterrish tashrif bilan kelishgan.  

O‘zbekiston BMTning teng huquqli a’zosi sifatida uning maqsad va Ustaviga qat’iy rioya etadi, o‘z ovozi va maqomidan foydalanib, BMT faoliyatining barcha sohasiga doir o‘ta muhim va dolzarb tashabbuslarni ilgari surmoqda. 

O‘zbekistonning BMT huzuridagi doimiy vakolatxonalari Nyu-York (AQSh), Jeneva (Shveysariya)dagi BMT bo‘limlari huzurida va boshqa xalqaro tashkilotlarda hamda Vena (Avstriya)dagi BMT bo‘limida faoliyat ko‘rsatmoqda. 

O‘zbekistonning BMT bilan hamkorligi so‘nggi besh yilda mutlaqo yangi darajaga ko‘tarildi. Prezident Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida, 2020 yil 25 sentyabrda videokonferensiya shaklida tashkil etilgan 75-yubiley sessiyasida, shuningdek, 2021 yilda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida onlayn formatda va Bosh Assambleyaning 76-sessiyasida ma’ruza qildi. Ularda O‘zbekistonning xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, ta’lim, ma’naviyat, ekologiya, turizmni yanada rivojlantirish, inson huquqlarini himoya qilish va boshqa sohalarga taalluqli tashabbuslar bilan chiqdi. 

O‘zbekistonning keyingi yillardagi sa’y-harakatlarining xalqaro e’tirofi BMT Bosh Assambleyasida quyidagi rezolyusiyalarning qabul qilinishida yaqqol namoyon bo‘ldi:

 “Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash”;

 “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik”;

 “Barqaror turizm va Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyot”;

 “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish”.

Shu bilan birga, BMT shafeligida xalqaro anjumanlar tashkillashtirildi. Xususan, 2017 yilning noyabrida Samarqandda “Markaziy Osiyo: bir o‘tmish va umumiy kelajak, barqaror taraqqiyot va o‘zaro farovonlik yo‘lida hamkorlik” konferensiyasi, 2018 yili martda Toshkentda “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida, 2021 yilda Xivada “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro forumlari o‘tkazildi. 

Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari o‘tkazildi. Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida trast fondi tuzildi. BMT Bosh Assambleyasining rasmiy hujjati sifatida “Pandemiya davridagi davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari xalqaro kodeksi” tasdiqlandi, unda har bir davlatning fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi kerakligi belgilangan. 

Inson huquqlari — hamkorlikning muhim yo‘nalishi

O‘zbekistonda inson huquqlari himoyasi BMT bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘riladi. Bugun mamlakatimizda demokratiyaning zamonaviy va inson huquqlari mezonlariga javob beradigan barqaror siyosiy tizimi barpo etilgan, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi organlari va barcha darajadagi sud hokimiyati faol ishlamoqda. Eng muhimi, jamiyatda Konstitutsiyaga va mamlakat qonunlariga hurmat qaror topmoqda.

“Inson sha’ni va qadr-qimmati yo‘lida” ustuvor prinsipi hayotda o‘z tasdig‘ini topmoqda. “Albatta, inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz. Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz”, deya ta’kidlaydi O‘zbekiston rahbari.

Oxirgi yillarda O‘zbekistonga BMTning inson huquqlari bo‘yicha sobiq  Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn, diniy erkinlik yoki e’tiqodlar masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachi Ahmad Shaxid, sudya va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachi Diego Garsiya-Sayan, shuningdek, terrorizmga qarshi kurash sharoitida inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish va rag‘batlantirish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachi Fionnuala Ni  Aolayn tashrif buyurdi.

2017 yilning sentyabrida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi doirasida davlatimiz rahbari muhim xalqaro tashabbuslarni ilgari surdi. Ular orasida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumini tashkillashtirish va BMTning yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi Xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish takliflari bor. 

2018 yilning 22-23 noyabr kunlari Samarqandda “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 70 yilligi yakunlari: zamonaviy chaqiriqlar va reallik” Osiyo forumi bo‘lib o‘tdi, unda 20 ga yaqin xalqaro tashkilotlar vakillari hamda dunyoning 30 dan ziyod mamlakatlaridan ekspertlar ishtirok etdi. O‘shanda qabul qilingan Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasi rasmiy hujjati sifatida tarqatildi. 

2020 yilning 12-13 avgust kunlari “Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” Samarqand veb-forumi o‘tkazildi.  Shu nomdagi Samarqand rezolyusiyasi BMTning rasmiy hujjati sifatida qabul qilindi. 

O‘zbekiston barqaror taraqqiyot sohasida BMT bilan yaqin hamkorlik qilmoqda. BMTning 2030 yilgacha kun tartibida bo‘lgan masalalarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston hukumati tomonidan 2030 yilgacha davrni qamrab olgan barqaror taraqqiyot sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar qabul qilindi, 16 ta milliy maqsad va 125 ta vazifa tasdiqlandi. Milliy maqsad va vazifalarning implementatsiyasi bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” qabul qilindi, Parlament komissiyasi va hukumat huzurida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzildi. Ilk bor Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish bo‘yicha Ixtiyoriy milliy obzor taqdim etildi. 

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan qabul qilingan Harakatlar strategiyasi va Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari ijrosining besh yillik “yo‘l xaritalari” hisoblanadi. 2021 yilning iyunida Buxoro shahrida Parlamentlararo Ittifoq bilan hamkorlikda “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda global parlamentlararo hamkorlik” xalqaro forumi o‘tkazildi. “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlashda parlamentlar rolini oshirish” borasidagi tashabbusimizning BMT Bosh Assambleyasi tomonidan rezolyusiya ko‘rinishida qabul qilinishi bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda. 

O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar tizimini tashkil etdi. Parlament Ombudsmani, Bolalar Ombudsmani, Biznes-Ombudsman va Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz ushbu tizimga kiradi. 

Majburiy va bolalar mehnatini bartaraf etish sohasidagi ishlar holati tubdan o‘zgardi. Qiynoqlarning oldini olish milliy preventiv mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha qonunchilik hujjatlari qabul qilindi. 

BMTning fuqaroligi yo‘q shaxslar sonini qisqartirish borasidagi chaqiriqlariga javoban 2020 yilda “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan bo‘lib, uning asosida 70 mingdan ziyod fuqaroligi yo‘q shaxslar O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari deb tan olindi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish mamlakatimizni “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi yangi qonuni qabul qilinishi bilan tabriklar ekan, “O‘zbekiston ilgari fuqaroligi yo‘q shaxslarga fuqarolik bergan holda, aholining zaif qatlamlari hayotini yaxshilamoqda. Ushbu voqea dunyoning barqaror rivojlanish sohasida maqsadlarga erishish bo‘yicha o‘n yillik harakatlarini boshlayotgan bir paytda, O‘zbekistonning hech bir insonni hal etilmagan muammo bilan yolg‘iz tashlab qo‘ymaslikning qat’iy tarafdori ekanini ko‘rsatdi”, deya qayd etdi.

Ayni vaqtda mamlakatimizda qonunchilik ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlarini, inson huquqlari sohasidagi umume’tirof etilgan xalqaro standartlarni, shuningdek, BMT Ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalarining tavsiyalarini inobatga olgan holda takomillashtirilmoqda. 

O‘zbekiston BMTning inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasi bilan samarali hamkorlik va muntazam muloqotni yo‘lga qo‘ygan. Mazkur boshqarma bilan hamkorlikda 2020 yilning iyunida birinchi marta O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyasi qabul qilinib, izchillik bilan amalga oshirilmoqda. U BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va shartnomaviy qo‘mitalarining tavsiyalarini amalga oshirishni ko‘zda tutadi. Milliy strategiyani qabul qilishda nafaqat ekspert doiralarning, balki keng jamoatchilik va xalqaro tashkilotlarning fikri ham inobatga olingan. 

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya doirasida gender tenglik, so‘z va din erkinligini ta’minlash, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish borasida aniq choralar qabul qilingan, jumladan:

2021 — 2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi tasdiqlandi;

“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi yangi qonun qabul qilindi;

2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlandi;

Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasi tashkil etildi;

O‘zbekistonda 2025 yilgacha davlatning yoshlarga oid siyosatini rivojlantirish Konsepsiyasi amalga oshiriladi, u BMTning “Yoshlar — 2030” strategiyasida bayon etilgan “Yoshlar bilan ishlash yoshlar manfaatida” prinsipiga asoslangan. 

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyani amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari faol qatnashmoqda. Inson huquqlari sohasida biznes hamjamiyatning mas’uliyatini, jumladan, “Biznes va inson huquqlari” Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish yo‘li orqali kuchaytirish ishlari olib borilmoqda. 

O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha BMTning shartnomaviy organlari tizimini mustahkamlash yuzasidan hukumatlararo jarayonlarni qo‘llab-quvvatlaydi va davlatning hisobdorlik qobiliyatini rivojlantirish hamda shartnomaviy organlarning mulohazalarini bajarishga intiladi. O‘zbekiston Respublikasi BMTning shartnomaviy organlariga milliy ma’ruzalari (41 ta ma’ruza)ni o‘z vaqtida taqdim etmoqda. Xususan, joriy yilning fevralida Ayollarga nisbatan kamsitishni bartaraf etish qo‘mitasi O‘zbekistonning Oltinchi davriy ma’ruzasini, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasi Uchinchi davriy ma’ruzasini eshitdi. 

Inson huquqlari bo‘yicha BMT kengashida a’zolik: hamkorlik istiqbollari

Ma’lumki, 2020 yilning 24 fevralida BMT Bosh kotibi A. Guterrish “Yuksak intilish: inson huquqlari uchun harakatga chaqiriq” degan tashabbusni ilgari surdi. “Chaqiriq”ning eng muhim mohiyatidan biri — fuqarolik jamiyatini kuchaytirish, gender tenglikni ta’minlash, erkak va ayollarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda, shuningdek, axborot erkinligida tengligiga erishish zaruriyati hisoblanadi. 

BMTning mazkur tashabbusi O‘zbekistonning ayni sohalarda amalga oshirayotgan islohotlari bilan hamohang. Zero, inson huquqlarini ta’minlamasdan turib, davlatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar taraqqiyoti yo‘lidagi muammolarini yechish imkonsiz. 

2019 yilning 13 oktyabrida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan saylovlarda BMT Bosh Assambleyasining delegatlari tashkilotning bosh huquq himoyasi organi — Inson huquqlari kengashining yangi 15 a’zosini sayladi. O‘zbekiston tarixda birinchi marta 2021 — 2023 yillardagi davr uchun kengash a’zoligiga saylandi. Mamlakatimiz a’zoligi uchun BMTga a’zo 193 davlatning 169 tasi ovoz berdi. 2022 yilning yanvaridan O‘zbekistonning BMTning Jenevadagi idorasi vakili Inson huquqlari bo‘yicha kengashning raisi o‘rinbosarligiga saylandi. 

Inson huquqlari bo‘yicha BMT kengashi butun dunyo bo‘ylab mazkur sohadagi vaziyatni nazorat qilar ekan, davlat rahbarlariga tavsiyalarini berib boradi. Ushbu xalqaro organga kirgan har bir mamlakat inson huquqlari sohasida namuna bo‘lishi kerak. Inson huquqlari bo‘yicha kengashga kirgan va e’tirofga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston o‘z majburiyatlarini mas’uliyat bilan bajarmoqda. 

O‘zbekiston BMTning inson huquqlarini himoya qilish organlari bilan, ayniqsa, barcha davlatlarga ularning inson huquqlari bilan bog‘liq tegishli vaziyati baholanayotganda teng va kamsitilmagan muomalani ta’minlayotgan, Inson huquqlari bo‘yicha kengashning universal davriy obzori mexanizmi bilan muntazam va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. 

2018 yilda O‘zbekiston Universal davriy obzorning uchinchi jarayonini bosib o‘tdi, uning natijasi o‘laroq ikki yuzdan ziyod tavsiyalar qabul qilindi. 

Uzoq yillardan beri yuqori martabali O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi har yili fevral-martda Jenevada o‘tkaziladigan Inson huquqlari bo‘yicha kengashning yuqori darajadagi Segmentida qatnashadi. 

2021 yili inson huquqlari bo‘yicha BMT kengashining 46-sessiyasining oliy darajadagi Segmentida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev birinchi marta nutq so‘zladi va O‘zbekistonning inson huquqlari va gender tenglikka erishish sohasida BMT bilan hamkorlikni chuqurlashtirishning yangi qirralarini belgilab berdi. 

Inson huquqlari bo‘yicha kengashning a’zosi sifatida olgan majburiyatlari doirasida:

O‘zbekiston Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi BMT Konvensiyasini ratifikatsiya qildi;

o‘tgan yilning dekabrida Markaziy Osiyo mamlakatlari lider ayollarining Muloqoti doirasida fuqarolik jamiyatining ayollar tashkilotlari, shuningdek, “BMT-ayollar” tuzilmalari ishtirokida mintaqaviy forum bo‘lib o‘tdi;

O‘zbekiston tashabbusi bilan “Pandemiya sharoitida yoshlar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” Inson huquqlari bo‘yicha kengashning rezolyusiyasi qabul qilindi;

2021 yilning avgustida “Yoshlarni global harakatlarga jalb etish” mavzuida inson huquqlari bo‘yicha Butunjahon konferensiyasi o‘tkazildi.

O‘zbekiston BMTning inson huquqlari bo‘yicha ta’lim Butunjahon dasturida faol qatnashmoqda. Mazkur dasturning to‘rtinchi bosqichi doirasida inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasida Milliy dasturning loyihasi ishlab chiqildi. Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi bilan birgalikda bu yil “Inson huquqlari sohasida ta’lim” global forumini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. 

O‘zbekiston, shuningdek, Osiyo mintaqasida inson huquqlari bo‘yicha mintaqaviy mexanizmni yaratishga ko‘maklashishni davom ettirish niyatida. 

So‘nggi yillarda biz BMTning maxsus protseduralari bilan o‘zaro hamkorlikda sezilarli ilgari siljishga erishdik. Barcha mandat egalariga mamlakatimizga tashrif buyurish uchun doimiy taklifnoma yo‘llandi. Shubhasiz, ular bilan birgalikdagi ishlar O‘zbekistondagi islohotlarni amalga oshirishda yaxshigina asos bo‘ladi. 

Bugun to‘liq ishonch bilan aytish mumkin, O‘zbekiston va BMT o‘rtasida o‘tgan 30 yillik munosabatlar muhim voqealarga boy bo‘ldi va barcha yo‘nalishda dinamik rivojlanib bormoqda. O‘zbekistonning BMT doirasida ilgari surgan barcha taklifi yalpi xavfsizlik va tinchlik, barqaror taraqqiyot hamda inson huquqlarini himoya qilishga erishishni ta’minlash ishiga ulkan amaliy hissa bo‘lib qo‘shiladi. Mamlakatimiz BMT bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni Inson huquqlari bo‘yicha kengashning faol a’zosi sifatida ham yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga sodiq bo‘lib qolaveradi. 

Akmal SAIDOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari,

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori. 

Powered by GSpeech