Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi doirasida «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishoni sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Tantanali tadbirni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov kirish so‘zi bilan ochib, «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishonining chet ellik sovrindorlarini taqdirlash an’anaga aylanganini qayd etdi.
Joriy yilda inson huquqlari sohasida faoliyat yuritayotgan xorijiy davlatlarning to‘rt nafar vakili ushbu mukofotga loyiq ko‘rildi.
Jumladan, Sheref Malkoch, Turkiya Respublikasi Bosh Ombudsmani – Inson huquqlarini ta’minlash borasida Turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun;
Nura bint Zaid al-Rashud, Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi kotibiyati ijrochi direktori, professor – IHTning Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun;
Rashid Hamad Humaid Albalushi, O‘mon sultonligining Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi – inson huquqlarini himoya qilish va ta’minlash sohasidagi xalqaro hamkorligi uchun;
Maryam bint Abdulloh al-Attiya, Qatar davlati Inson huquqlari bo‘yicha Milliy qo‘mitasi raisi – inson huquqlarini himoya qilish va ta’minlash sohasidagi xalqaro hamkorligi uchun ushbu mukofot bilan taqdirlandi.
“Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni o‘z sohiblariga tantanali ravishda topshirildi.
Qatarlik sovrindor hamkorimizning mukofotini Qatar davlati Inson huquqlari bo‘yicha milliy qo‘mitasi bosh kotibi Sulton bin Hasan al-Jamali qabul qilib oldi.
Aytib o‘tish kerakki, “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2020 yilda ta’sis etilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda katta hissa qo‘shgan fuqarolar va tashkilotlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, bu faoliyatni amalga oshirishda o‘rnak bo‘layotganlarni namuna qilib ko‘rsatish, ularning tajribasini ommalashtirishdir.
Norgul Abduraimova,
Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 16.06.2024
- Ko'rishlar: 1751
- Chop etish