Bolalar uchun odil sudlovni takomillashtirish: milliy amaliyot va xorijiy tajriba

2022 yil 25 avgust kuni Toshkentda “O‘zbekistonda bolalar uchun odil sudlovdan foydalanish imkoniyati: hozirgi holat va istiqbollar” mavzusidagi konferensiya bo‘lib o‘tdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Bolalar Ombudsmani, YUNICЕFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda bolalar uchun odil sudlov sohasida faoliyat yuritayotgan milliy mutaxassislar va ekspertlar O‘zbekistonda odil sudlovga erishishdagi to‘siqlar va imkoniyatlarni muhokama qilib, huquqiy islohotlar bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalar bilan fikr almashdilar.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov qayd etganidek, 2016 yildan buyon O‘zbekistonda milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga, qonun ustuvorligi bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani joriy etishga qaratilgan huquqiy va sud-huquq islohotlarining yangi bosqichi izchil davom etmoqda. Islohotlar davomida qonunchilikka bir qator muhim o‘zgarishlar kiritilgan bo‘lsa-da, bolalarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini ta’minlash O‘zbekistonning huquqiy va qonun ustuvorligi islohotlari kun tartibida alohida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanmagan.
YUNICЕFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade fikricha, qizlar va o‘g‘il bolalarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini ta’minlash har bir bolaning huquqlari, jumladan, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya hamda zo‘ravonlik va shafqatsiz munosabatdan himoya qilish huquqlari buzilgan hollarda adolatli, o‘z vaqtida amalga oshiriladigan samarali himoya vositalaridan foydalanish bo‘yicha qonunlar, tizimlar va amaliyotlar mavjudligini anglatadi. Adliya va aholini ijtimoiy himoya qilish tizimlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari bolaning alohida ehtiyojlari, yoshi, jinsi va qobiliyatini e’tiborga olgan holda uning oliy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan bo‘lishi kerak.
Bolalar Ombudsmani Aliya Yunusova ta’kidlaganidek, bolalar uchun odil sudlovdan foydalanish faqatgina odil sudlovni va ma’muriy tizimlarni mustahkamlashdan iborat emas. Bu turli davlat organlarining yaqin o‘zaro hamkorligi hamdir. Bolalar uchun odil sudlov birinchi navbatda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarning mavjudligini va ozodlikdan mahrum qilish faqatgina so‘nggi chora sifatida ko‘rilishini nazarda tutadi.
Konferensiyada Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, mas’ul davlat idoralari vakillari, soha mutaxassislari, fuqarolik jamiyati faollari, akademiklar, xalqaro ekspertlar, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarning mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan vakillari ishtirok etdilar.
Konferensiya ishtirokchilari O‘zbekistonda bolalarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli harakatlar to‘g‘risida kelishib oldilar. Ular har biri uchun batafsil yo‘riqnomalarni o‘z ichiga olgan:
• bolalar uchun adolatli sudlovdan foydalanishni ta’minlash uchun keng qamrovli huquqiy va siyosiy asoslarni ishlab chiqish va qabul qilish;
• jinoiy, fuqarolik va ma’muriy adliya tizimlarining ixtisoslashuvini ta’minlash va qonun bilan aloqada bo‘lgan bolalarning huquqlari va ehtiyojlarini qondirish mexanizmlarini moslashtirish;
• qonun bilan aloqada bo‘lgan bolalarga o‘z vaqtida va etarli darajada yuridik yordam ko‘rsatilishini ta’minlash;
• bolalarni ozodlikdan mahrum etishni eng qisqa muddatga so‘nggi chora sifatida qo‘llash;
• siyosat va dasturlarni ishlab chiqish, amalga oshirish, monitoring qilish va baholash uchun ma’lumotlarni to‘plash va boshqarish, shuningdek, bolalarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyati bo‘yicha tadqiqotlarni kuchaytirish;
• bolalarning huquqiy imkoniyatlarini oshirish bo‘yicha tashabbuslarni boshlash va bolalarning odil sudlovdan foydalanishlarini qo‘llab-quvvatlashga oilalar va mutaxassislarni jalb qilish;
• bolalarning adolatli sudlovdan foydalanish imkoniyatini ta’minlash uchun tarmoqlararo hamkorlikni kengaytirish;
• bolalarning odil sudlovdan foydalanishiga to‘sqinlik qiluvchi ijtimoiy normalar bilan kurashish bilan bog‘liq tavsiyalarni berdilar.

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

O‘zA

Powered by GSpeech